Andijonda ta’lim va madaniyat festivali o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Andijon shahrida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablari o‘rtasida “Spirituality, Sport, Science, Socializing” — “4S” (Ma’naviyat, sport, ilm-fan, ijtimoiy muloqot) an’anaviy festivali bo‘lib o‘tdi.
Uch yildan buyon tashkil etib kelinayotgan mazkur festival o‘quvchi-yoshlar, o‘qituvchi-pedagoglar hamda maktab jamoalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, milliy qadriyatlarni keng ommalashtirish, pedagoglarning kasbiy va jamoaviy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, ta’lim muassasalari o‘rtasida samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Festival avval Namangan va Farg‘ona shaharlarida o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilda unga Andijon shahridagi Prezident maktabi mezbonlik qildi. Unda Farg‘ona va Namangan shaharlaridagi Prezident maktablaridan tashrif buyurgan o‘quvchilar hamda pedagoglar faol ishtirok etdi.
Tadbir dasturidan sport musobaqalari, fan va texnologiya yo‘nalishida seminar-treninglar, robototexnika mashg‘ulotlari, intellektual o‘yinlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘rin oldi. “Afsona” simfonik orkestrining jonli konserti ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
[gallery-29038]
Shuningdek, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining milliy urf-odatlari, milliy liboslari hamda boy madaniy merosini namoyon etuvchi pavilonlar tashkil etildi. Xorijiy o‘qituvchilar tomonidan o‘zbek milliy madaniyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar ham o‘tkazildi.
Festivalning asosiy maqsadi yoshlar ongida milliy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, ularni keng targ‘ib etishdan iborat. Shu bilan birga, mazkur anjuman Prezident maktablari o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va tajriba almashish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA