Andijonda salomatlik tadbirlari
7-aprel – Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlari, tibbiyot muassasalarida “Salomatlik marafoni” doirasida bepul tibbiy ko‘riklar, salomatlik tadbirlari, sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarida yurtimizda xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, ayniqsa, onalar va bolalar, nogiron, ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolar sog‘ligini muhofaza qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan viloyatdagi tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan salomatlik tadbirlari ana shu yo‘nalishdagi ishlardan sanaladi.

Viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalarida tajribali va malakali shifokorlar ishtirokidagi bepul tibbiy ko‘riklarda aholining salomatligi nazoratdan o‘tkazildi. Ko‘riklar nafaqat tuman, shahar markazlarida, balki chekka va olis hududlarda ham tashkil etilib, aholi uchun sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Jumladan, Izboskan tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaning To‘rtko‘l bo‘limida 500 nafar fuqaro malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tdi. Ko‘rik davomida turli kasalliklari borligi aniqlangan fuqarolarga davolanish yuzasidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi.

Tumanda o‘tkazilgan “Salomatlik marafoni” tadbirlari doirasida aholi vakillari ishtirokida ertalabki badantarbiya mashqlari, “Salomatlik sari 5000 qadam” shiori ostida yurish marafoni o‘tkazildi. Shuningdek, tibbiyot muassasalarida sportning 100 metrga yugurish, arqon tortish, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillariga amal qilish, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish, fuqarolarning tibbiy madaniyatini oshirish yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.

Andijon shahar tibbiyot birlashmasining 8-oilaviy poliklinikasida tashkil etilgan ko‘rikda hududdagi ko‘plab aholi vakillari ishtirok etdi.
– Tibbiy ko‘rikka juda ko‘p fuqarolar tashrif buyurdi, – deydi Andijon shahar 8-oilaviy poliklinika shifokori Zaynobiddin Nizomov. – Ko‘rik davomida xirurgik kasalliklar bo‘yicha 45 nafardan ortiq fuqaroni salomatligini nazoratdan o‘tkazdim. Ularga xastalik, davolanish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdim, 4 nafar fuqaroni bepul davolanishi uchun elektron order asosida ixtisoslashtirilgan markazlarga yo‘naltirdim. Bundan tashqari, ko‘rik doirasida hududimizdagi yurolmaydigan 3 nafar fuqaroning xonadoniga borib, salomatliklarini nazoratdan o‘tkazdim.

– Kunlik 500 qatnovga mo‘ljallangan poliklinikamiz Andijon shahrining 18 ta mahallasida istiqomat qiluvchi 61 ming nafardan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatadi, – deydi Andijon shahridagi 1-oilaviy poliklinika bosh shifokori Muharramxon Rahmonova. – “Salomatlik tadbiri”ni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi, ko‘rikka poliklinikamiz shifokorlaridan tashqari, viloyat tibbiy muassasalaridan ham tajribali shifokorlar taklif etildi.
Tadbir davomida aholining salomatligi tor ixtisosliklar bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan tekshiruvlar o‘tkazildi. Ayniqsa, onalar va bolalar hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, targ‘ibot-tushuntirish ishlari samaradorligi hamda aholining tibbiy bilim va madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Salomatlik tadbirlariga tashrif buyurgan yurtdoshlarimizning qaysi biri bilan suhbatlashmaylik, shifokorlardan zarur maslahat va tavsiyalar olayotganliklari, yurtimizda insonlar salomatligini saqlashga berilayotgan e’tibordan mamnun ekanliklarini izhor etdi.
Tadbirlar davomida shifokorlar tomonidan aholining tibbiy bilim va madaniyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, targ‘ib etish bo‘yicha ham suhbat va muloqotlar o‘tkazildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.