Andijonda raqobatbardosh mebellar ishlab chiqariladi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tadbirkor va hunarmandlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Savdo-sanoat palatasi Andijon viloyat boshqarmasida mutasaddi rahbarlar, mebelsozlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi hunarmand va tadbirkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan muloqotda mebelsozlik yo‘nalishidagi yutuq va muammolar, mavjud imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi, tadbikorlarning taklif va tashabbuslari eshitildi.

Muloqotda viloyat hokimi Andijon shahri, Andijon, Oltinko‘l tumanlari, umuman, viloyatning ko‘plab hududlarida mebelsozlik jadal rivojlanib borayotganligini ta’kidladi. Xususan, bugungi kunda andijonlik mebelsozlar tomonidan tayyorlanayotgan sifatli, rang-barang mebellar nafaqat Andijon, balki Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari bozorlarida sotilmoqda. Shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinmoqda.
Muloqotda xitoylik investor va tadbirkorlar bilan hamkorlikda mebelsozlik yo‘nalishida ham qator loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilganligi aytib o‘tildi. Jumladan, viloyatda ish olib borayotgan tadbirkor va hunarmandlarning, shu bilan birga, xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikdagi loyihalarni joylashtirish uchun Oltinko‘l tumanining Uyg‘ur mahallasi hududida mebelsozlik sanoat zonasini tashkil etish, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.

Uchrashuvda ishtirokchilarga tashkil etiladigan ana shu sanoat zonasi bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Tadbirkor va hunarmandlar mazkur hududga joylashtiriladigan o‘z loyihalari bo‘yicha ma’lumotlar berdi, takliflar bildirdi.
Ayniqsa, logistika xizmatini tashkil etish, ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma va boshqa qator qulayliklar yaratish, mahsulot tannarxini pasaytirishga qaratilgan loyihalar viloyat rahbari va mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ishlab chiqarilayotgan mebellarning ayrim qismlarini viloyatning o‘zida tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, mahsulot tannarxini 50 foizgacha kamaytirish bo‘yicha taklif va loyihalar yuqori baholandi. Ana shu loyihalarni amalga oshirish orqali andijonlik mebelsozlar mashhur brendlar bilan raqobatlasha oladigan mahsulotlar ishlab chiqarishi, dunyo bozoriga chiqish imkoniga ega bo‘lishi alohida qayd etildi.
Viloyat hokimi bildirilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini, taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur yordamlar ko‘rsatilishini ta’kidladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari