Mamlakatimizda keyingi yillarda hunarmandlar, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, davlatimiz tomonidan hunarmandlarga imtiyozli kreditlar ajratilmoqda, samarali ish olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Natijada kulolchilik, o‘ymakorlik, temirchilik, pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, kashtachilik, milliy matolar, qo‘g‘irchoq, turli suvenirlar, miniatyura san’ati va boshqa hunarmandchilik mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar safi ortib bormoqda, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.
– Viloyatda hunarmandchilikni rivojlantirish dasturi doirasida subsidiyalar ajratish va “Usta-shogird” maktablarini yaratish orqali o‘tgan 2023 yilda 5 ming 373 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi "Hunarmand" uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Arabboyev. – Mustaqil ish boshlaganlarning 1 ming 423 nafari usta hunarmand, 3 ming 750 nafari shogird maqomida ish olib bormoqda.
Viloyatdagi 909 mahallaning 70 foizida fuqarolar hunarmandchilikning qaysidir yo‘nalishida ish olib boradi. O‘nlab mahallalar esa hunarmandchilikning qaysidir turiga ixtisoslashgan. Hunarmandlarning asosiy qismi, masalan, 413 nafari milliy liboslar, 849 nafari gazlama va chokli buyumlar (so‘zana, kashtado‘zlik), 235 nafari yog‘och buyumlar, 242 nafari metall buyumlar(temirchi va pichoqchi) tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb etish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2023 yilda 1 milliard 14 million so‘mdan ortiq mablag‘ hunarmandchilikka yo‘naltirilib, 1 ming 567 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Andijon viloyatida 2018-2023 yillar ichida 13 nafar hunarmand davlatimizning yuksak mukofoti – “El-yurt hurmati”, “Mehnat shuhrati”, “Shuhrat”, “Jasorat” singari orden va medallariga sazovor bo‘ldi.
[gallery-16056]
– Hukumatimizga, Prezidentimizga rahmat, – deydi shahrixonlik do‘ppido‘z Yorqinoy To‘ychiyeva. – Bugun yurtimizda men kabi minglab hunarmandlarning samarali ish olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda, xalqimizning nafaqat do‘ppido‘zlik, balki boshqa hunarmandchilik yo‘nalishlaridagi qadim an’analari davom ettirilmoqda. Qolaversa, mehnatlarimiz e’tirofini topmoqda. Men ham Prezidentimiz farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandim.
Bugun viloyatda juda ko‘p hunarmandlar sulolalari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Andijon shahridan kulol usta Mirzabahrom Abduvahobov, shahrixonlik pichoqchi usta Rahmatxo‘ja Alixo‘jayev, do‘ppido‘z hunarmand Yorqinoy To‘ychiyeva, milliy to‘n ustasi Hafizaxon Mamajonova, Andijon shahridan do‘ppido‘z usta Rejabboy Abdullayev singari ustalar hunarmandlarning to‘rtinchi, yettinchi avlodlari sanaladi. Ular o‘zlarining hunarmandchilik maktablarini yaratgan ustalardir.
Viloyat hokimligi, “Hunarmand” uyushmasi viloyati boshqarmasi tomonidan viloyatning aholi va mehmonlar gavjum bo‘ladigan maskanlarida savdo do‘konlari ochilishiga, qator ko‘rgazma va savdo yarmarkalarining tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilayotganligi hunarmandchilik mahsulotlarining ommalashishiga, ayniqsa, yurtimiz va xorijlik turistlar tomonidan xarid qilinishiga keng imkoniyat yaratmoqda.
Masalan, o‘tgan yilning o‘zida bir necha marotaba hunarmandlarning ko‘rgazma-yarmarkalari, Andijon shahrida “Milliy qo‘g‘irchoqlar – milliy qadriyatlar ko‘zgusi” nomli respublika festivali o‘tkazildi.
Viloyatda joriy yilda ham hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha qator rejalar belgilab olingan. Xususan, banklar tomonidan 35 milliard 145 million so‘m kredit, shuningdek, 4 milliard 218 million so‘m subsidiya mablag‘i ajratilishi hisobiga mazkur yo‘nalishda 4 ming 888 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Andijon shahri, Shahrixon tumanlarida hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma- savdo yarmarkalari, respublika festivali o‘tkazilishi belgilangan.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari