Andijonda ilk marta buyrakni ko‘chirib o‘tqazish jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Ilgarilari yurtimizda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmas, shu bois, bemorlar katta mablag‘ evaziga xorijiy mamlakatlarda davolanar edi. Keyingi yillarda tibbiyot sohasida olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda buyrak ko‘chirib o‘tkazish, jigar va o‘zak hujayra amaliyotlarini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida yurtimizda 700 dan ortiq ana shunday operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi. Surunkali buyrak etishmovchiligi bo‘lgan bemorlar sonini kamaytirish, ularni samarali davolash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday bemorlarni davolashning samarali usullaridan biri bu – buyrak transplantasiyasi hisoblanadi. Ana shundan kelib chiqib, mamlakatimizda ushbu soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Eng asosiysi, yurtimizda bajariladigan ana shu operatsiyalar bahosi xorijdagidan qariyb 10 barobar arzon.
Ana shu yo‘nalishdagi ishlar samarasi o‘laroq, Andijonda ham murakkab buyrak jarrohlik amaliyotini amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Andijon viloyati Shahrixon tumani yashovchi bemor B.H. bir necha yildan buyon buyrak yetishmovchiligi xastaligidan aziyat chekardi. Xorijga borib operatsiya qildirish uchun oilasining moliyaviy imkoniyati yetishmaydi. Unga Andijonning o‘zida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish taklifi bildirildi. Oila a’zolari bilan maslahatlashib, bemorga o‘z ukasining buyragini ko‘chirib o‘tqazishga kelishildi. Bemor – buyrak oluvchi (retsipiyent) va sog‘lom – buyrak beruvchi (donor) tibbiy tekshiruvlar, ya’ni bir-biriga mutanosib ekanligi, shuningdek, qon guruhlari, DNK va yana ko‘plab zarur tibbiy tekshiruv tadbirlari o‘tkazildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan Xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Saidmurod Ismoilov rahbarligida Andijon shahar tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasida buyrakni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi. Andijonlik malakali shifokorlar ishtirokida 2 bosqichli operatsiya bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Ya’ni bemorning ukasidan sog‘lom buyrak olinib, akasining kasal bo‘lib, o‘z vazifasini bajarmayotgan buyragi o‘rniga qo‘yiladi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi. Endi buyrak ko‘chirish operatsiyasiga muhtoj andijonlik bemorlar Toshkentga yoki xorijga borishlari shart emas. Bu kabi murakkab operatsiyalarni o‘tkazish Andijonning o‘zida yo‘lga qo‘yilganligi yurtimiz tibbiyotining yutuqlaridan biridir.
[gallery-6814]
F.UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA