Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan osh festivalida milliy qadriyatlarimiz, san’at va hunarmandchiligimiz namunalari namoyish etildi, bir tonnalik osh damlandi.
Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda futzal bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Chempionat doirasidagi qator o‘yinlar Andijon shahridagi Universal sport majmuasida o‘tkazilmoqda.
Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan Andijonda bo‘lib turgan jahon chempionati ishtirokchi terma jamoalari, FIFA, mamlakatimiz futboli mutasaddilari, xorijlik mehmonlar, sayyohlar hamda yurtdoshlarimiz ishtirokidagi osh festivali xalqimiz milliy qadriyatlari, an’analarining haqiqiy namoyishiga aylandi.
[gallery-19423]
– Osh festivalini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, mehmondo‘st o‘zbek xalqining milliy qadriyat va an’analarini namoyish etish, – deydi Andijon viloyati hokimligi bosh mutaxassisi Elyor Xolmirzayev. – Qolaversa, yurtimiz, xususan, Andijonning turizm salohiyatini ko‘rsatish, eng asosiysi, jahon miqyosida O‘zbekistonning asosiy brendlaridan biriga aylangan milliy taomimiz – palovni xorijlik sayyohlar, futzal bo‘yicha jahon chempionati qatnashchilari o‘rtasida targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Navoiy bog‘ining kirish qismiga o‘rnatilgan maxsus qozonda bir tonnalik osh tayyorlashda o‘n nafardan ortiq mohir oshpazlar ishtirok etdi.
– Bir tonnalik oshimizga 250 kilo devzira guruch, 250 kilo go‘sht, 250 kilo sabzi, umumiy og‘irligi 250 kilo miqdorida yog‘, piyoz, zira va suv masalliq sifatida ishlatildi, – deydi oshpaz Murodjon Ahmadjonov. – Andijonlik mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan o‘ziga xos palovimiz, barchaga, ayniqsa, xorijlik mehmonlarga manzur bo‘ladi, deb umid qilaman.
Festival doirasida hunarmandlar tomonidan namoyish etilgan milliy liboslar, qo‘g‘irchoqlar, do‘ppido‘zlik va pichoqchilik san’ati namunalari, musavvirlar tomonidan chizilgan asarlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirda ishtirok etgan xorijlik mehmonlar, sayyohlar, futzal bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari bilan suhbatda bo‘lib, ularning yurtimiz, xalqimiz an’analari, xususan, milliy taomimiz osh haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.
Alishon Ishik, sayyoh, Istambul madaniyat universiteti, go‘zal san’atlar bo‘limi ma’muri:
– Yaqinlarimning taklifi bilan O‘zbekistonga kelganimga bir necha kun bo‘ldi. Ochig‘i, bundan aslo afsuslanmayapman. Boy va qadim tarixga ega O‘zbekiston haqida juda ko‘p o‘qiganman, eshitganman. Bu yerga kelib, xalqingiz milliy qadriyatlarini, qadim an’analarini qanchalar asrab-avaylab saqlab kelayotganligiga guvoh bo‘ldim.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jT-qh7OaDNw" title="Andijonda bir tonnalik osh tayyorlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Turkiya – O‘zbekiston munosabatlari hamisha yaxshi bo‘lgan. Ana shu munosabatlarimiz, hamkorligimiz ko‘lami yanada kengayishini, ayniqsa, ta’lim sohasida aloqalarimiz mustahkamlanib, ko‘plab o‘zbek yoshlari vakillari Turkiyadagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishini istar edim.
Andijonda o‘tkazilayotgan osh festivali ham milliy qadriyatlaringizni ulug‘lashingizning bir namunasidir. O‘zbek palovi Turkiyadagi juda ko‘p oshxonalar menyusidan o‘rin olgan, xalqaro e’tirofini topgan taom hisoblanadi. Andijonda tayyorlangan palovning ta’mi, mazasi baribir boshqacha ekan. Menga juda manzur bo‘ldi.
Shen Fang, xitoylik tadbirkor, “Tiantiqo HongAn Agriculture Hightech” MCHJ rahbari:
– Men O‘zbekistonga, Andijonga Xitoyning Uyg‘ur avtonom viloyatidan investor sifatida kelib, ish boshlaganman. Oltinko‘l va Jalaquduq tumanlarida qalampir yetishtirish hamda qayta ishlashni yo‘lga qo‘yganmiz.
Yil boshidan buyon o‘zbek xalqi bilan birgaman. Shu yerda yashab, ular bilan ishlayapman. O‘zbeklar kamtar, mehmondo‘st, mehnatkash insonlar ekanligiga to‘la ishonch hosil qildim. Eng asosiysi, yurtingizda biznes yuritishimiz uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Qanday muammoga duch kelsak, viloyat hokimi, hokimlik mutasaddilari muammoni hal etishimizga yordam beradi. Buning uchun viloyat, O‘zbekiston rahbariyatidan minnatdormiz.
Xalqingizning qadim, o‘ziga xos an’ana va qadriyatlariga, ayniqsa, milliy liboslaringizga har qanday millat vakilining havasi keladi. Andijon markazida o‘tkazilayotgan osh festivalida qatnashayotganimdan esa juda xursandman. Milliy taomingiz osh menga juda ma’qul bo‘lgan.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik, do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanishini, bugungiday bayramlar bardavom bo‘lishini istayman.
Feyruz Muhammed, FIFAning Andijon arenasi bo‘yicha menejeri:
Futzal bo‘yicha jahon chempionati Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda o‘tkazilayotganligi yurtingiz uchun katta sharaf. Chunki bugun butun dunyo futzal orqali O‘zbekistonni ko‘rmoqda.
Men ham bir necha kundan buyon FIFA vakillari qatorida Andijonda tashkilotchi sifatida ish olib boryapman. Aytish mumkinki, chempionat o‘yinlari barcha xalqaro mezonlar asosida yuqori saviyada bo‘lib o‘tmoqda, tashkiliy ishlar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
Chempionat ishtirokchilari, mehmonlari uchun turli tadbirlar tashkil etilayotganidan juda xursandmiz. Ayniqsa, palov festivalida qatnashib, xalqingizning madaniyati, milliy qadriyatlari bilan yanada yaqinroq tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Men dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘lganman, ko‘p palov tanovul qilganman. Lekin bu yerda tayyorlangan palov boshqacha, mazali ekan. Bunaqasini avval yemagan edim. Menga juda ma’qul bo‘ldi.
Antonio Garsia – Plata, Ispaniya futzal terma jamoasi rahbari:
– Andijonda biz uchun yaratilgan sharoitlardan minnatdormiz. Bu shaharni ilgari hech kim tanimasdi. Bugun butun dunyo e’tiborida. Ko‘rishimiz, bilishimiz lozim bo‘lgan joylar ko‘p ekan. Odamlari mehribon, ko‘chalari osuda, undan tashqari, milliy taomlari ham o‘ziga xos. Ayniqsa, palovning mazasi betakror ekan, qayta-qayta yegan bo‘lardim. Masalan, ushbu taomdan uyga ham olib ketish niyatidaman. Xalqingizga, O‘zbekistonning ochiq yuzli odamlariga tashakkurimni bildiraman.
Festival davomida san’atkorlar tomonidan ijro etilgan milliy qo‘shiq va raqslar, Izboskan tumani “Ustazoda dorbozlar” guruhining tomoshalari tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Mehmonlarga, tadbir ishtirokchilariga Andijon oshi tarqatildi. Yakunda FIFA, qator davlatlar futzal terma jamoalari vakillariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari