Bugun 2024-2025 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan butun yurtimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatidagi 765 ta umumta’lim, 1 ta Prezident, 1 ta ijod, 21 nodavlat maktabi, shuningdek, 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish, umumta’lim maktablari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qitish jarayoniga ilg‘or ish uslublari, pedagogik texnologiyalar, xorijiy tajribalarni tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Natijada mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda.
Keyingi yillarda viloyatda 20 maktab yangitdan barpo etildi, 209 ta maktabda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, Umuman, bu yil maktablarda tahsil oladigan 610 ming nafardan ziyod o‘quvchiga sifatli ta’lim-tarbiya berish uchun zarur barcha shart- sharoit yaratildi.
[gallery-19089]
Yangi o‘quv yilidan viloyat bo‘yicha jami 63 ming nafardan ortiq bolajon 1-sinfga qabul qilindi. Ularga 12 xil turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Andijon shahridagi 31- umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida so‘z olganlar yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ibratli ishlar haqida gapirib, o‘quvchi va pedagoglarni yangi o‘quv yili boshlanishi bilan muborakbod etdi.
–Yangi o‘quv yilidan maktabimizga 330 nafar bolajon 1-sinfga o‘qishga qabul qilindi, – deydi maktab direktori Fayzulo Dadajonov. –Joriy yilda maktabimizda 3 ming 500 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga sifatli ta’lim berish uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Deyarli barcha sinflarimizda o‘qitish jarayonlari Finlandiya, Germaniya, Koreya singari qator xorijiy davlatlarning dasturlaridan keng foydalanilgan holda olib boriladi.
O‘quvchilar, ayniqsa, maktab ostonasiga ilk qadam bosgan birinchi sinf o‘quvchilarida unutilmas taassurotlar qoldirgan birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari viloyatdagi barcha maktablarda yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari