Andijonda 500 ta bog‘cha ish boshladi
Andijonda so‘nggi 10 kun ichida 500 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘z faoliyatini boshladi.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017 – 2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur hujjat asosida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etish, mavjud muassasalarni rekonstruksiya qilish, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy dastur va texnologiyalarni tatbiq etish, bolajonlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan barkamol etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Andijonda mazkur yo‘nalishda keyingi uch yil ichida bir necha o‘n yillar davomida qilinmagan ishlar amalga oshirildi. Agar faktlarga murojaat etadigan bo‘lsak, 2018 yil boshida viloyat bo‘yicha jami 451 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lib, bola qamrovi 61 ming 562 nafarni, ya’ni 27,7 foizni tashkil etgan. Joriy yilning may oyiga qadar viloyatdagi 1 ming 719 ta, shundan 539 ta davlat, 18 ta xususiy, 146 ta davlat- xususiy sherikchilik va 1 ming 16 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlariga viloyatdagi 3-7 yoshli bolalarning 164 ming 466 nafari yoki 62,4 foizi qamrab olindi.
– Keyingi kunlarda yana 500 ta davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘z faoliyatlarini boshladi, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Azimov. – Natijada viloyatdagi jami maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2 ming 500 tadan ortdi. Bog‘cha yoshidagi jami bolalarning 68 foizi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olindi.
Bu kabi ibratli ishlarni viloyatning barcha tuman va shaharlarida kuzatish mumkin. Masalan, Izboskan tuman hokimi, moliya hamda maktabgacha ta’lim bo‘limlari rahbarlari tashabbusi bilan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tumanning Daryobo‘yi mahallasida joylashgan 20- hamda Bo‘ston mahallasida joylashgan 53- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash va qo‘shimcha binolar qurish ishlari amalga oshirildi. Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ana shu ishlar uchun 1 milliard 432 million so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada qiyofasi, shart-sharoitlari tubdan o‘zgargan mazkur bog‘chalar foydalanishga topshirilib, yuzlab bolajonlarni o‘z bag‘riga oldi. Bundan tashqari, tumanda bir nechta oilaviy bog‘chalar ham o‘z faoliyatini boshladi.
Yangi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ishga tushishi bilan 1000 yangi ish o‘rni yaratildi, mazkur bog‘chalar 12 mingdan ziyod bolani o‘z bag‘riga oldi.
Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratish o‘rinli. Ya’ni, shu vaqtga qadar hududida maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lmagan 20 ta mahallada 36 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, ularga 900 nafardan ziyod bolajonlar qamrab olindi.
Viloyatda nodavlat, ya’ni oilaviy va uy-bog‘chalar tashkil etish, umuman, bolajonlarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA