Andijonda 1,8 mingdan ortiq nomzod uchun test sinovlari tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
Andijon shahridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyati bo‘limida 2026/2027 o‘quv yili uchun “Jasorat maktablari”ning 5-sinfiga hujjat topshirgan nomzodlar o‘rtasida saralashning birinchi bosqich test sinovlari o‘tkazildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mas’ullar ishtirokida nomzodlar hamda ularning ota-onalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda test jarayonlari ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida tashkil etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, imtihonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Garnizon harbiy orkestrining chiqishlari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
[gallery-30167]
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil mamlakat bo‘yicha “Jasorat maktablari”ga qabul uchun onlayn tarzda 25 ming 513 nafar talabgor hujjat topshirgan. Shundan 23 ming 253 nafar nomzodning hujjatlari qabul qilingan. Ularning 16 ming 349 nafari o‘g‘il bolalar, 6 ming 904 nafari qizlardir. Nizom talablariga javob bermagan 2 ming 260 nafar talabgorning hujjatlari rad etilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan hujjat topshirganlar soni 7 ming 72 nafarga ko‘payganini va mazkur ta’lim muassasalariga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Andijondagi test sinovlarining birinchi smenasida 1 ming 887 nafar nomzod ishtirok etishi rejalashtirilgan edi. Shundan 1 ming 481 nafari test sinovlarida qatnashdi. 406 nafar nomzod esa turli sabablarga ko‘ra imtihonga kelmadi.
Test sinovlari belgilangan tartib asosida davom etmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA