Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 2-Andijon okrug saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Okrug saylov komissiyasi a’zolari, mutasaddi tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda muddatidan ilgari o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik, shuningdek, saylov kuni saylov uchastkalarida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Saylovga tayyorgarlik ishlari holati bo‘yicha okrug saylov komissiyasi raisi Komiljon Komilovning hisoboti eshitildi. Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish 28 iyunda boshlandi va 5 iyul kuni nihoyasiga yetdi. Shu muddat davomida 2-Andijon okrugi hududida jami 22 ming 507 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.
[gallery-12642]
2-Andijon okrugi hududidagi mavjud 928 saylov uchastkasi ovoz berish uchun shay holatga keltirildi. Uchastkalar zarur jihozlar, orgtexnika va aloqa vositalari bilan to‘liq ta’minlandi. Ovoz berish xonasiga olib boruvchi yo‘llarda saylov uchastkasining belgilangan shakldagi ko‘rsatkichlari, axborot stendlari saylovchilar uchun qulay joylarga joylashtirildi. Shuningdek, nogironligi bor shaxslar uchun nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklari, panduslar belgilangan talablarga asosan o‘rnatildi. Okrug hududidagi barcha uchastka saylov komissiyalariga ovoz berish byulletenlari yetkazib berildi. Okrug hududida 1 million 684 ming 822 nafar saylovchining ovoz berishi kutilmoqda. Ularning 7 ming 911 nafari birinchi bor saylash huquqidan foydalanadi.
Viloyat bo‘yicha 7 ming 397 nafar ko‘zi ojiz saylovchining ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, ular brayl alifbosi orqali o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz beradi. Ayrim saylovchilar sog‘ligining holati yoki boshqa sabablarga ko‘ra, ovoz berish uchun saylov uchastkasiga kela olmagan taqdirda, ushbu saylovchilarning saylov kuni yoki shu kunga qadar qilgan yozma yoki og‘zaki iltimosiga binoan tegishli uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni ular turgan joyda tashkil etadi. Okrug hududida 8 ming 571 nafar fuqaroning ko‘chma qutilar orqali ovoz berishi kutilmoqda. Shuningdek, yig‘ilishda okrug saylov komissiyasi a’zolari Umidaxon Zokirova hamda Dilshodbek Rustamovning Asaka va Shahrixon tumanlari saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik ishlari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Saidabror Asqarovning saylov uchastkalarida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobotlari ham tinglandi.
Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA