Andijonda “O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirishda Andijon maktabining o‘rni” mavzusida ikki kunlik respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi mutasaddi va mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, yurtimizdagi qator oliy o‘quv yurtlarining tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishi o‘qituvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir Izboskan tumanidagi To‘rtko‘l qishlog‘ida joylashgan Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida bo‘lib o‘tdi. Unda so‘z olgan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniyat ta’lim markazi rahbari o‘rinbosari Mirzohid Qurbonov va boshqalar tomonidan mamlakatimizda tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishidagi milliy an’analarni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Yurtimiz tasviriy va amaliy san’atini rivojlantirishda Andijon maktabining, viloyatda tarbiyalanayotgan ijodkorlar, mutaxassislarning alohida o‘rni bor. Prezidentimiz joriy yil 15-16 aprel kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida yangi nomlangan Bobur shahrida har yili rassomlar festivalini o‘tkazish taklifini ilgari surganligi ham ana shu e’tirofning tasdig‘idir.
Seminarning ochilish tadbirida Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilari tomonidan konsert dasturi, o‘qituvchi va o‘quvchilarning “Milliy liboslar – qadriyat aksi” deb nomlangan liboslar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Vatanimiz tinchligi, ona yurt, ijodni tarannum etuvchi raqs, kuy va qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari seminar ishtirokchilari hamda mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirdi.
Ayni kunda grafika rassomi, lakli miniatyura rassomi, naqqoshlik bo‘yicha usta-rassom, mahobatli rang-tasvir rassomi singari 14 ta ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha 365 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati respublikamizning mazkur yo‘nalishdagi maktablari orasida eng ilg‘orlardan biri hisoblanadi.
[gallery-23145]
– Maktabimizda o‘quvchilarning har bir yo‘nalish bo‘yicha nazariy va amaliy bilim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi maktab-internat direktori Abdurafuq Rahimov. – Xususan, zamonaviy ustaxonalar tashkil etilgan.
Jamoamizning erishayotgan yutuqlari ham salmoqli. Ko‘plab o‘quvchilarimiz respublika hamda xalqaro tanlovlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olmoqda.
O‘tkazilayotgan seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham maktabimizdagi ilg‘or tajriba, ish uslublari, umuman, Andijon tajribasini o‘rganish va ommalashtirishdan iborat.
Dastlab ishtirokchilar maktab-internatning ganch o‘ymakorligi yo‘nalishi o‘quvchi va o‘qituvchilarining “Naqshinkor zamin” deb nomlangan ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda maktab-internat o‘qituvchilari M.Qodirovning “Naqsh kompozitsiyasi: o‘yish va pardozlash”, M.Jumashevning “Gullar ishtirokida natyurmort”, J.Qo‘chqorovning “Miniatyura san’atida ijodiy jarayonning o‘rni” mavzularidagi mahorat darslari bilan tanishdi.
– Respublika seminari samarali o‘tmoqda, – deydi Xorazm viloyati ixtisoslashgan san’at maktab-internati direktori Qurbonboy Bekjonov. – Haqiqatdan ham Andijon maktabida iqtidorli yoshlar juda ko‘p ekanligiga, salohiyatli, o‘z yo‘nalishida katta tajribaga ega ustozlar faoliyat olib borayotganligiga guvoh bo‘ldik. Ochig‘i, andijonlik hamkasblarimizdan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p ekan.
Seminar doirasida ilg‘or tajriba, o‘ziga xos ish uslublarini imkon qadar kengrok o‘rganishga, kelgusida o‘zimiz ish olib borayotgan maktablarda joriy etishga harakat qilamiz.
Shuningdek, seminar davomida badiiy gilam va gobelen to‘qish, ganch o‘ymakorligi, badiiy kulolchilik yo‘nalishlarida ham mahorat darslari o‘tkazildi.
Shundan so‘ng mazkur maktabning sobiq o‘quvchilari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchilari J.Abdullayev, U.Alimov tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslari qiziqarli o‘tdi.
Maktab hovlisida tashkil etilgan “Rishta” deb nomlangan ijodiy ko‘rgazmada maktab-internat o‘qituvchi va o‘quvchilarining tasviriy hamda amaliy san’at yo‘nalishidagi ijodiy ishlari namoyish etildi.
Seminarning ikkinchi kunida ishtirokchilar Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi a’zolarining ijodiy ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, ishtirokchilarning bilim, mahorat va tajribasini boyitishga, Andijondagi ilg‘or ish uslublari, tajribalarni ommalashtirishga xizmat qilgan mazkur seminar samarali o‘tdi.
Yakunda seminar ishtirokchilari Andijon shahridagi “Bog‘i Bobur”da hamda Andijon shahrining boshqa diqqatga sazovor joylarida bo‘ldi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/BDQibLJPkJ0?si=H0kqm5zo9jnDTQFM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari