Andijon suv omborida xavfsizlik va texnik nazorat qay darajada?
“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi Islom Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh Andijon suv omborida bo‘lib, ob’ektdagi mavjud sharoit, texnik holat hamda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tashrif davomida gidrotexnik inshootlarning xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlash, shuningdek, suv omborining texnik holatini baholash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganishlar jarayonida suv omborining texnik holati, to‘g‘on konstruksiyalarining mustahkamligi, drenaj va filtratsiya tizimlarining ishlash samaradorligi hamda suvni qabul qilish va chiqarish inshootlarining ekspluatatsiya holati tahlil qilindi. Shu bilan birga, nazorat-o‘lchov qurilmalari orqali olinayotgan ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligi ko‘rib chiqildi.
Ishchi guruh tomonidan suv omborining xavfsiz ishlashini ta’minlashga ta’sir etuvchi asosiy omillar muhokama qilindi. Xususan, gidrologik yuklamalar, suv oqimlaridagi o‘zgarishlar, gidravlik bosimlar hamda ehtimoliy favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik va texnik chora-tadbirlar tahlil etildi.

Shuningdek, ob’ektda o‘rnatilgan avtomatlashtirilgan monitoring tizimlari, zamonaviy nazorat-o‘lchov qurilmalari va videokuzatuv vositalarining samaradorligi baholandi. To‘g‘on va boshqa muhim inshootlarda olib borilayotgan doimiy kuzatuvlar natijalari o‘rganilib, texnik ko‘rsatkichlarning belgilangan me’yoriy talablarga muvofiqligi baholandi.
Qayd etilganidek, Andijon suv ombori sug‘orish tizimlari, ichimlik suvi ta’minoti hamda energetika tarmog‘i uchun muhim strategik ahamiyatga ega ob’ekt hisoblanadi. Shu bois, uning xavfsiz va ishonchli ekspluatatsiyasini ta’minlash, texnik nazorat va monitoring tizimlarini takomillashtirib borish doimiy e’tibordagi vazifalardan biri sanaladi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, tashrif yakunida suv ombori va gidrotexnik inshootlarning xavfsiz ishlashini ta’minlash, texnik nazorat samaradorligini yanada oshirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini bajarish yuzasidan mas’ul rahbarlar va mutaxassislarga tegishli topshiriqlar berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA