Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etilganligining 60 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Marosimni institut rektori, texnika fanlari doktori Tohirjon Sultonov kirish so‘zi bilan ochib, institut jamoasi, mehmonlarni ushbu qutlug‘ sana bilan muborakbod etdi. Institutning oltmish yillik tarixi, bugungi salohiyati, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari xususida gapirdi.
– 1964 yilda Andijon paxtachilik instituti sifatida tashkil etilgan oliygohimizda o‘tgan yillar davomida qishloq xo‘jaligi tarmoqlari uchun minglab malakali mutaxassislar tayyorlandi, – deydi institut rektori T.Sultonov. – Ayni kunda esa mavjud 5 ta fakultetda bakalavr ta’lim yo‘nalishida 27 ta mutaxassislik bo‘yicha kunduzgi va sirtqi bo‘limlarda 8 ming 500 nafardan ortiq talaba, shuningdek, 28 ta magistratura yo‘nalishida 60 nafardan ziyod magistr tahsil oladi.
Bundan tashqari, bugungi kundagi mavjud 20 ta kafedramizda 312 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda. Ularning 18 nafari professor, fan nomzodi (PhD), 124 nafari dotsent, 170 nafari malakali katta o‘qituvchi, assistent va stajyor-o‘qituvchilardir.
[gallery-20612]
Tadbirda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng Toshkent Iqtisodiyot universiteti Andijon fakulteti professori, O‘zbekiston Qahramoni Shukurjon Mamatqulov, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti prorektori, professor Abduhakim Salohiddinov, Qirg‘iz-turk “Manas” universiteti rektori, professor Alpasian Jeylan, O‘zbekiston Sharda universiteti rektori, doktor Sanjay Pal, Qirg‘iz-o‘zbek universiteti prorektori Almaz Atabekov, Boshqirdiston davlat agrar universiteti prorektori Ruzil Yagafarov va boshqa yurtimizdagi hamda xorijiy oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, hamkor tashkilotlar vakillari institut jamoasini qutlab, esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.
Tantanali tadbirda institutning bir guruh professor-o‘qituvchilariga unvonlar, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda viloyat hokimligining faxriy yorliqlari tantanali ravishda topshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida institutda yurtimiz hamda qator xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari olim va mutaxassislari, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari vakillari ishtirokida “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda agrar soha muammolari va yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.
Anjuman “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda qishloq xo‘jaligi ekinlarini innovatsion agrotexnologiyalardan samarali foydalanib yetishtirish, o‘simliklar hosildorligi va tuproq unumdorligini oshirishning ilmiy-amaliy yechimlari”, “Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda organik mahsulotlar yetishtirishning salmog‘ini oshirish, iqlim o‘zgarishi, tabiiy yoki texnogen ofatlarning atrof-muhitga ta’sirini muntazam baholab borish hamda ularning salbiy ta’sirini yumshatishning ilmiy yechimlari” singari o‘nta yo‘nalishdagi sho‘’balar doirasida davom etdi.
Mashg‘ulotlarda mutaxassislarning mavzu doirasidagi ma’ruzalari tinglandi, taqdimotlar o‘tkazildi. O‘zaro fikr-mulohazalar bildirildi.
Ilmiy-amaliy anjuman ertaga o‘z ishini davom ettiradi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri