Vatanimiz tarixidagi 4 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1194 yil (bundan 831 yil oldin) – anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazm shohi, Jaloliddin Manguberdining bobosi Takash Saljuqiylarniig so‘nggi sultoni To‘g‘rul III ustidan Tehron yonidagi Ray shahri yaqinidagi jangda g‘alabaga erishdi. Takash To‘g‘rul III ning boshini Bag‘dodga yuborib, shahar devoriga osdirib qo‘ygan.
1891 yil (bundan 134 yil oldin) – aktyor, sozanda (garmonchi), O‘zbekiston xalq artisti Orifjon garmon Toshmatov tavallud topdi (vafoti 1944 yil). U 1918 yillarda Andijondagi tarqoq san’atkorlarni yig‘ib “Sanoiy nafisa” uyushmasini tuzadi. Xuddi o‘sha uyushma asosida 1920 yilda Hamza Hakimzoda Niyoziy bugungi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon musiqali drama va komediya teatrini tashkil etdi. Orifjon Toshmatov o‘zbek professional teatriga xalq teatrining sahna va musika an’analari singdirilishiga hissa qo‘shgan. U garmonda “Abdurahmonbegi”, “Munojot”, “Orom”, “Tanavor”, “Dilxiroj” va boshqa o‘zbek kuylarini, “Nasrulloyi”, “Buzruk”, “Navo” singari maqom yo‘llarini nafislik bilan ijro etgan.
Orifjon Toshmatov o‘tgan asrning 20-yillarida Andijon va Asaka shahrida faoliyat ko‘rsatgan. U ko‘plab xorijiy mamlakatlarda bo‘lib, o‘z ijodini namoyish etgan. Avazbek Mahmudovning qayd etishicha, ana shu safarlar chog‘ida Orif garmon har bir xalqning milliy raqsini ifoda etuvchi kuyi – polkasi, tangosi borligini ko‘rgan. U o‘ziga: “Nega bizning polkamiz yoki tangomiz yo‘q?” – deya savol beradi va shu tariqa tez orada “Andijon polkasi” yaratildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Andijon polkasi” kuyi yaratilganining 100 yilligi hamda shu nomdagi xalq raqs ansambli tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan Andijon viloyatida 2022 yil 25 apreldan boshlab “Andijon polkasi” oyligi e’lon qilingan edi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) –Moskvada Rossiya vaBuxoro respublikalari o‘rtasida Ittifoq shartnomasi tuzildi. Shartnomani Rossiya nomidan Tashqi ishlar xalq komissari va uning o‘rinbosari, Buxoro nomidan Buxoro Respublikasining Rossiyadagi favqulodda missiyasi vakillari imzoladi. Shartnoma 17 moddadan iborat edi. Bu shartnoma mustaqil siyosat yuritishga harakat qilayotgan yosh Buxoro davlati arboblari faoliyatini muayyan darajada cheklashga olib keldi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – taxtdan ag‘darilgan, davlati tugatilgan, o‘zi bir qator janglarda mag‘lubiyatga uchragan Buxoroning sobiq amiri Olimxon Amudaryoning Chubek degan joyidan Afg‘oniston davlatiga o‘tib ketdi. Unga o‘zining 300 nafar amaldorlari va 200 nafar navkarlari hamrohlik qildi. Bu hakda sobiq amir o‘zining keyinchalik yozgan “Buxoro xalqining hasrati tarixi” nomli esdaliklarida batafsil fikr yuritadi.
Ushbu xotiralardan ma’lum bo‘ladiki, Buxoroning so‘nggi hukmdori Olimxonning Afg‘onistonga ketishdan asl maqsadi o‘z oilasi, ayollari va bolalarini saranjom qilish, jang tayyorgarligini ko‘rish, Afg‘oniston va boshqa musulmon mamlakatlaridan sovet Rossiyasi va bolsheviklarga qarshi kurashda ko‘mak olish edi. U Afg‘onistonda doimiy yashab qolishni niyat qilmagan edi.
Olimxonni Kobulda Afg‘oniston amiri Omonullaxon qabul qilib, doimiy yashashi uchun unga Qal’ai Fotuda maxsus qarorgoh ajratib beradi. U Kobulda yashasa ham Buxorodagi ozodlik harakatiga g‘oyaviy jihatdan rahbarlik qilishda davom etdi, qo‘rboshilar va ulamolarga turli maktublar va qimmatbaho sovg‘alar jo‘natib, ularni kurashga ilhomlantirgan.
Olimxon Kobulda o‘zining esdaliklarini yozib tugalladi. Umrining oxirida ko‘zi ojizlanib qoladi, og‘ir dardga chalinadi. Uzoq davom etgan xastaliklardan so‘ng u 1944 yilda Qal’ai Fotuda vafot etadi. Buxoroning so‘nggi amiri Kobul atrofidagi qabristonga dafn etilgan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatish to‘g‘risidagi Protokol, shuningdek, ikki Respublika o‘rtasida diplomatiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Protokol imzolandi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining «Sog‘lom avlod uchun» ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq, «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan fuqarolar onalik va bolalikni muhofaza qilishdagi, sog‘lom avlodni kamol toptirish uchun eng yaxshi moddiy sharoit va axloqiy muhitni ta’minlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadilar. «Sog‘lom avlod uchun» ordeni ikki darajadan iborat.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«O‘zcharmsanoat» uyushmasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sport turlari bo‘yicha terma jamoalar tarkibiga sportchilarni saralab olish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishlari va xohish-istaklaridan kelib chiqib, maktablar, oliy ta’lim muassasalari kamida bittadan ustuvor, istiqbolli, rivojlanayotgan, shu jumladan, milliy sport turlariga ixtisoslashtirilishi belgilandi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021 – 2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan, belgilangan yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Farmon asosida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksi joriy qilindi. Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari (komissiyalar) majlislarida ishtirok etuvchi doimiy vakili instituti joriy etildi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Prezidentning 2025 yil 24 fevraldagi farmoni bilan Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etildi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq ho‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi tumanlarning 2025-2030 yillarga mo‘ljallangan yer tuzish chizmalarini ishlab chiqish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi