“Andijon polkasi” – Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi (+ video)
O‘zbek milliy raqs san’ati tarixida ulkan madaniy voqelik yuz berdi. Asrlar davomida xalqimizning milliy g‘ururi va shodon ruhini o‘zida mujassam etgan "Andijon polkasi" raqsini bir vaqtning o‘zida 20 ming nafar kishi ijro etganligi rasman Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.
Andijon shahridagi “Bobur arena” stadionida “Andijon 2026-yilda – turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” maqomi doirasidagi madaniy tadbirda “Andijon polkasi” raqsi 20 ming nafar kishi ishtirokida mahorat bilan ijro etilganligi Ginnes rekordlari tashkilotining rasmiy vakili tomonidan e’tirof etildi. Ijro jarayonlari belgilangan barcha talablarga to‘liq javob berganligi tasdiqlanib, raqs ijrosi jahon rekordi sifatida rasman qayd etildi.

Shu tariqa “Andijon polkasi” eng ommaviy tarzda ijro etilganligi bilan jahon sahnasiga olib chiqildi.
Ushbu yutuq nafaqat Andijon, balki butun O‘zbekiston madaniyati uchun unutilmas tarixiy sahifa bo‘ldi.
Nigora Rahmonova, Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (video),
O‘zA muxbirlari