Andijon delegatsiyasi Xitoyda
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrif bilan bordi.
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, viloyatga Xitoy investitsiyasini jalb etish, qurilish, savdo-sotiq, mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish maqsadida qator tuman hokimlari, tadbirkorlardan iborat delegatsiya safar davomida Xitoyning yirik kompaniyalari faoliyati bilan tanishish, bir qator yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Andijon viloyati delegatsiyasi dastlab energiya, qurilish, muhandislik, sohalarida faoliyat yurituvchi, ko‘plab yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 140 mingdan ortiq hodimga ega Xitoyning nufuzli CAMCE kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Ma’lumki, o‘tgan yili sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar sammitida mazkur kompaniya hamda O‘zbekiston Turizm va madaniy yodgorliklar vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
[gallery-10583]
Uchrashuvda kompaniya direktori kompaniya tarixi, imkoniyatlari, kompaniya tomonidan Xitoy va boshqa mamlakatlarda amalga oshirilgan yirik loyihalar bilan tanishtirdi. O‘z navbatida Shuhratbek Abdurahmonov Andijon viloyati va uning biznes salohiyati, imkoniyatlari, xorijlik tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv doirasida Andijon viloyatida quyosh va gidro elektr stansiyalar qurish imkoniyatlari, bu boradagi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. CAMCE kompaniyasi bilan Andijonda muqobil energiya sohasini rivojlantirish, turistik hududlardagi kanatlarni yangilash, aeroport qurilishi, quyosh panellarini yetkazib berish, shuningdek, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda viloyatdagi loyiha institutlari bilan hamkorlikni qo‘yish bo‘yicha kelishilib, anglashuv memorandumi imzolandi.
Viloyat hokimi boshchiligidagi Andijon viloyati delegatsiyasining Xitoydagi safari davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
O‘zA