Anda Filip: Yoshlarni qaror qabul qilishga keng jalb etish orqali samarali siyosatni ishlab chiqish mumkin
Samarqanddagi Kongress markazida davom etayotgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasida ishtirok etayotgan Parlamentlararo ittifoq (PI) Bosh kotibi Anda Filipning tadbir haqidagi fikrlari bilan qiziqdik:
– Bizga shunday yuksak mehmondo‘stlik va saxovat bilan mezbonlik qilayotgan Prezident janoblariga, parlament rahbariyati va vakillariga, shuningdek, O‘zbekiston xalqiga chuqur minnatdorligimni bildirmoqchiman.
Asrlar davomida sivilizatsiyalar, muloqot va madaniyatlar almashinuvi chorrahasida joylashgan Samarqand shahri dunyoning turli burchaklaridan yosh parlament a’zolarini bir joyga jamlash uchun nihoyatda munosib makondir.
Yoshlarning siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonida munosib va mazmunli o‘rin egallashi juda muhim. PI Yosh parlament a’zolari forumining «Biz haqimizda qarorlar bizsiz qabul qilinmasin» degan shioriga to‘liq qo‘shilaman. Bu, avvalo, adolat va siyosiy huquqlar masalasidir. Shu bilan birga, yoshlarni qaror qabul qilish jarayoniga keng jalb etish orqali barcha uchun yanada samarali siyosat va yaxshiroq natijalarni ishlab chiqish mumkin.
O‘n ikkinchi bor o‘tkazilayotgan mazkur konferensiya PI tomonidan tashkil etiladigan eng dinamik va kelajakka yo‘naltirilgan tadbirlardan biri hisoblanadi. U bizga yangi g‘oya va yondashuvlarni sinab ko‘rish, ularni butun PI faoliyati uchun ilhom manbaiga aylantirish imkonini beradi.
Ushbu konferensiya PIning joriy yilda inson huquqlariga qaratayotgan e’tibori uchun muhim nuqtalardan biri bo‘lib qoladi. Darhaqiqat, mazkur tadbir bu sa’y-harakatlarning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.
Yoshlar nuqtai nazari kelajakka yo‘l ko‘rsatadigan ko‘plab sohalarda bo‘lgani kabi, bu yerdagi muhokamalar ham PIning keyingi tadbirlari va tashabbuslari uchun muhim yo‘nalishlarni belgilab beradi.
Yosh parlament a’zolari inson huquqlarini himoya qilish maqsadini PIning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi orqali amalga oshirishi ham mumkin. Mazkur qo‘mita o‘z mandatini amalga oshirish doirasida, jumladan, ko‘plab yosh parlament a’zolariga nisbatan sodir etilgan ta’qiblar va inson huquqlari buzilishi holatlarini kuzatib boradi. 2025-yilning o‘zida qo‘mita parlament a’zolariga nisbatan sodir etilgan inson huquqlari buzilishiga oid mingdan ortiq individual holatni ko‘rib chiqdi.
Qo‘mita faoliyati bizga muhim haqiqatni eslatadi: saylangan vakilning ovozi bo‘g‘ilsa, bu nafaqat uning huquqlariga, balki butun demokratik vakillik tizimiga ham ta’sir qiladi.
Yosh parlament a’zolari o‘z parlamentlarida va xalqaro maydonlarda parlament a’zolariga oid inson huquqlari buzilishi holatlarini ko‘tarish orqali mazkur qo‘mita faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Yosh parlamentariylarning inson huquqlarini himoya qilishda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi kabi xalqaro organlar bilan hamkorlikni mustahkamlashi ham maqsadga muvofiq.
Norgul Abduraimova,
O‘zA