An’ana va innovatsiyalar – mahsulot sifatining omili
Yurtimiz zamini azaldan dehqonchilik madaniyati, ayniqsa, o‘ziga xos ta’mi, xushbo‘yligi va sifati bilan ajralib turadigan qovun hamda tarvuzlari orqali dunyoga tanilgan.
Asrlar davomida shakllangan polizchilik an’analari bugungi kunda ilm-fan, innovatsion texnologiyalar va zamonaviy ishlab chiqarish yondashuvlari bilan uyg‘unlashib, sohani yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqmoqda. Xususan, qovunni quritish, qayta ishlash va qadoqlash jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish, mahsulot sifati va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu borada Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida faoliyat yuritayotgan "Mirzacho‘l–Agro Star" MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar alohida e’tiborga loyiq.
— "Mirzacho‘l–Agro Star" MCHJ poliz mahsulotlari yetishtirish yo‘nalishida faoliyat yuritadi, — deydi jamiyat rahbari Sherzod Qurbonov. — Faoliyatimizni samarali tashkil etishda O‘zbekiston Milliy banki yaqin hamkorimiz hisoblanadi. Bugungi kunda sakkizta tumanni qamrab olgan holda Xorazm, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida ish olib boryapmiz. Aholining bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish maqsadida poliz mahsulotlarini qayta ishlashni ham yo‘lga qo‘ydik. Ilk loyihani Xovos tumanidagi "Oqchangal" mahallasida amalga oshirmoqdamiz. O‘rganishlar davomida mahalla aholisi qovunni an’anaviy tarzda, ochiq havoda quritayotganini ko‘rdik. Bu esa mahsulot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shundan kelib chiqib, leksan va plyonka qoplamali issiqxonalarda qovun quritish texnologiyasini joriy etish taklifini berdik. Hozir ushbu loyiha tajriba tariqasida amalga oshirilmoqda. Ishonamizki, bu tajriba nafaqat "Oqchangal", balki boshqa hududlarda ham keng qo‘llaniladi. Asosiy maqsadimiz — ekologik toza mahsulot yetishtirishni rag‘batlantirish, aholi daromadlarini oshirish va eksport hajmini kengaytirishdir. Bu jarayonga Xitoydan malakali mutaxassislarni ham jalb etganmiz.
Mazkur tashabbus mahalliy aholining ko‘p yillik tajribasini xalqaro ilg‘or texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda. Ma’lumki, "Oqchangal" mahallasi aholisi uzoq yillardan buyon qovun va boshqa poliz mahsulotlarini quritish hamda qadoqlash bilan shug‘ullanib keladi. Endi esa bu jarayon Xitoyning zamonaviy texnologiyalari asosida takomillashtirilmoqda.
— "Mirzacho‘l Agro Star" MCHJ jamoasi bilan hamkorlikda poliz mahsulotlarini yetishtirish, quritish, saqlash va qadoqlash bo‘yicha Xitoyda sinovdan o‘tgan texnologiyalarni joriy etmoqdamiz, — deydi xitoylik texnolog Liu Liping. — O‘zbekistonning qovunchilik an’analari bizda katta qiziqish uyg‘otdi. Zamonaviy texnologiyalar bilan mahalliy tajribani uyg‘unlashtirish orqali yanada yuqori natijalarga erishish mumkin. Bu loyihalar mahalliy aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratib, mahsulotlarning qo‘shilgan qiymatini oshiradi va mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlaydi.
Loyihaning dastlabki bosqichida ikki xonadon tajriba maydoni sifatida tanlab olindi. Birinchi xonadonda plyonka qoplamali issiqxona qurilib, qovunlarni maxsus osma usulda quritish texnologiyasi joriy etildi. Ikkinchi xonadonda esa leksan qoplamali issiqxona barpo qilinib, mahsulotlar maxsus stellajlarda quritilmoqda.
— Qovun qoqini shu vaqtgacha an’anaviy usulda tayyorlab kelardik, — deydi tadbirkor Rustam Juvashov. — Endi esa "Mirzacho‘l Agro Star" ko‘magida zamonaviy quritish uskunalari o‘rnatildi. Bu nafaqat qovun, balki boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ham sifatli quritish imkonini bermoqda. Olimlar yangi texnologiyalardan foydalanishni o‘rgatishyapti. Quvonarlisi, uskunalar quyosh energiyasi asosida ishlaydi. Bu esa energiya tejamkorligini ta’minlaydi. Bugun aholidan ham shunday qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur texnologiyalar mahsulotning tabiiy rangi, ta’mi, xushbo‘yligi va ozuqaviy qiymatini saqlab qolish bilan birga sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradi. Shuningdek, quritish jarayoni tezlashib, eksportbop yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati kengayadi.
Loyihani ommalashtirish maqsadida Xovos tumanidagi barcha mahalla hokim yordamchilari ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi. Unda zamonaviy quritish texnologiyalarining iqtisodiy samaradorligi, aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyati hamda ushbu faoliyatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, O‘zbekiston Milliy banki tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlari tushuntirildi.
— Hozirda bu yerda leksan va plyonka qoplamali issiqxonalarda ilmiy asoslangan quritish texnologiyalari sinovdan o‘tkazilmoqda, — deydi texnika fanlari doktori Jobir Qodirov. — Sifatli qovun qoqi tayyorlash uchun harorat 50–55 daraja atrofida bo‘lishi, havo konveksiyasi doimiy ta’minlanishi lozim. Shu maqsadda ventilyatorlar o‘rnatilgan. Mahsulotlar maxsus osma qurilmalar yoki stellajlarda quritiladi. Bu usul mahsulotni chang, hasharot va boshqa tashqi ta’sirlardan ishonchli himoya qiladi, uning sifati va saqlanish muddatini sezilarli darajada oshiradi.
Bugungi kunda "Mirzacho‘l–Agro Star" MCHJ hamda O‘zbekiston Milliy banki hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash sohasida innovatsiyalarni keng joriy etish, milliy mahsulotlarning eksport salohiyatini oshirish hamda "O‘zbekiston brendi" ostida raqobatbardosh, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA