Anadolu: O‘zbekiston rahbari MDH doirasida yangi tashabbuslarini ilgari surdi
Transport logistikasi, oziq-ovqat xavfsizligi va kiber jinoyatchilikka qarshi kurash – O‘zbekistonning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi hamkorlik bo‘yicha takliflarida ustuvor o‘rin egalladi. Turkiyaning “Anadolu” agentligi 9-oktabr kuni e’lon qilgan materialda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Avazada o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashi majlisidagi tashabbuslarini yoritdi.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston rahbari mintaqadagi o‘zgarishlar sharoitida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidlagan. Iqtisodiy hamkorlikni tovar ayirboshlashdan qo‘shma ishlab chiqarish va qo‘shimcha qiymat zanjiri yaratish bosqichiga olib chiqishga chaqirgan.
Transport sohasida integratsiyalashgan logistika markazlari tashkil etish, tranzit xarajatini qisqartirish, yuk tashish qoidasini uyg‘unlashtirish orqali MDHning yagona transport axborot tizimini shakllantirish taklif etildi. Mirziyoyev Turkmanistonning 2029-yilni MDHda Transport bog‘liqligi yili sifatida e’lon qilish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatladi.
Oziq-ovqat xavfsizligi masalasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini davlat xaridi tizimiga o‘zaro kiritish jarayonini rivojlantirish, oziq-ovqat va o‘g‘it eksportiga cheklov joriy qilishdan oldin hamkorlarni xabardor qilish mexanizmini joriy etish zarurligi qayd etildi. Bu takliflar mintaqaviy bozorda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Prezident resurslardan samarali foydalanish va aylanma iqtisodiyot bo‘yicha MDH konsepsiyasini ishlab chiqish, kreativ industriya sohasida forum tashkil etish hamda transchegaraviy kiber jinoyatlarga tezkor javob berish uchun qo‘shma aloqa markazi tuzish tashabbusini ham ilgari surdi.
Maqolada O‘zbekistonning 2027-yil MDH raisligiga tayyorlik ko‘rishi ham qayd etilgan. Ilgari surilgan takliflar mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik, transport bog‘liqligi va raqamli xavfsizlik masalalaridagi kun tartibini aks ettiradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA