Amudaryoda ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Nukus va Mo‘ynoq tumanlaridagi aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 145 million AQSH dollari miqdorida bitim imzolangan edi.
[gallery-29512]
Bugungi kunda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi ushbu loyiha doirasida Amudaryo tumanida quvvati sutkasiga 40 ming m³ bo‘lgan “Mang‘it” suv tozalash inshooti qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Shartnoma qiymati 12,99 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu inshoot qurilishi Xorazm viloyatidagi “Obi hayot injiniring” mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Suv tozalash inshooti qurilish ishlari yaqin kunlarda muvaffaqiyatli yakunlanadi. Bu yerdagi laboratoriyalar va suvni yetkazib beruvchi inshootlar Germaniya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanamoqda. Ularning barchasi avtomatlashtirilgan tarzda boshqariladi.
Loyiha doirasida tuman aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 15 ta ovul va mahallalarda 3 ta suv taqsimlash inshooti, 354 kilometr suv tarmog‘i, 6 ta suv rezervuarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 11 ming 991 ta suv hisoblagich o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda “RU-1”, “Quyuk-ko‘pir” va “Qilichboy” suv taqsimlash inshootlarida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda va jami 319 kilometr suv tarmog‘i tortildi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA