Amir Temurga haykal qo‘yilgan qishloqni bilasizmi?
Boshqa joyda bormi-yo‘qmi, bilmaymiz, lekin Samarqandda shunday qishloq bor – Toyloq tumanidagi O‘rtaqishloq mahallasida buyuk jahongir, qudratli davlat asoschisi Amir Temur haykali o‘rnatilgan.
Bu yil yurtimizda sohibqiron bobomiz tavalludining 690 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan tuman hokimligi ushbu haykalni restavratsiya qilib, hududda “Amir Temur bog‘i” barpo etish tashabbuskori bo‘ldi.


– Mamlakatimizda Amir Temur oyligi davom etayotgan shu kunlarda mazkur bog‘ning tashkil etilishi xalqimizning ulug‘ ajdodimizga bo‘lgan yuksak hurmatining amaliy ifodasidir, – dedi majmua ochilishida ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Husan To‘xtayev. – Ayni paytda, bu tashabbus yoshlarni bobolarimizga munosib voris etib tarbiyalash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Bu boqqa tashrif buyurgan har bir inson, albatta, sohibqironning hayoti, sarkardalik faoliyati va bunyodkorlik ishlarini yodga oladi hamda bu boradagi ma’lumotlarni yanada chuqurroq o‘rganishga intiladi. Shuningdek, mazkur tashabbus “Yashil makon” loyihasi talablariga to‘la mos kelib, hududning yanada obod va ko‘rkam bo‘lishiga xizmat qiladi.


Tadbirda qatnashgan faollar va tarixchi olimlar Amir Temurning sarkardalik salohiyati hamda dunyo tarixida tutgan o‘rni, amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari va yaratgan bog‘lari haqida so‘z yuritdi.
Tuman madaniyat bo‘limi va maktab o‘quvchilari tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari