Amir Temur va Temuriylar davriga oid tadqiqotlar davom etmoqda
Sohibqiron bobomiz Amir Temur tavalludining 685 yilligi butun mamlakatimiz kabi poytaxtimizda ham ko‘tarinki ruhda nishonlanayapti.Tantanali tadbir ishtirokchilarining bu boradagi fikrlari bilan qiziqdik.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat ZIYO:
– Mamlakatimizda Amir Temur tarixini o‘rganish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda bu borada bir qator yo‘nalishlarga jiddiy e’tibor qaratish muhimdir. Amir Temur o‘sha davrdagi 150 yillik istiloga chek qo‘ydi. Sohibqiron bobomiz ma’lum sabablarga ko‘ra tarqoq bo‘lgan diyor – Turon zamin – Turkistonni birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Uchinchi jihati – Temur davlatchilik, uning boshqaruvida ilg‘or tizimni yaratdi. Iqtisodiy taraqqiyotga katta e’tibor qaratdi. Ta’lim, ilm-fan, madaniyatni yuksaltiradigan Uyg‘onish davriga asos soldi. Shu bilan birga diniy masalalar, ulug‘ saltanat yaratish salohiyati, yurtimizni dunyoning markaziga aylantirgani, o‘sha davrdagi siyosiy, madaniy, iqtisodiy jihatlar, Temur va Temuriylar renessansi dolzarb mavzulardir. Bu yo‘nalishlarda chuqur tadqiqotlarni jadallashtirish zarur, deb o‘ylayman.
Sirojiddin SAYYID, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri:
– Bugun mamlakatimizda "Jaholatga qarshi ma’rifat" tamoyiliga alohida e’tibor qaratilmoqda. Madaniyat, san’at, ilm-fan, kitobxonlik rivoji yo‘lida ilg‘or amaliy g‘oyalar hayotga joriy etilmoqda. Amir Temur faoliyatida ham ayni jihatlar ustuvor bo‘lgani tarixiy manbalardan yaxshi ma’lum. Mamlakatimizda Uchinchi Renessans – navbatdagi ma’rifiy uyg‘onish pallasiga tamal toshi qo‘yilayotgan shunday mas’uliyatli damlarda buyuk ajdodlarimizning o‘gitlari, yo‘l-yo‘riqlari g‘oyat muhim ekanini davlatimiz rahbari ko‘p bora takrorlaydi.Shoir, yozuvchilar, ilm-hunar, madaniyat va ma’rifat ahli qo‘llab-quvvatlangan yurt baxtlidir.
Abdumajid MADRAYIMOV, Temuriylar tarixi davlat muzeyi bo‘lim mudiri, tarix fanlari doktori:
–- E’tiborga molik jihati, yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlarda Temur va Temuriylar davriga oid eng yaxshi jihatlar inobatga olinmoqda.
Muzeyimizda ham Temur va Temuriylar davriga oid tadqiqotlar faol davom etmoqda. Sohibqiron tug‘ilgan kuni sanasi arafasida muzeyimizda alohida bibliografiya yaratildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.