Temuriylar sulolasi dunyo tamaddunida eng katta, jahon ilm-fani, davlatchiligi, madaniyati va san’atiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan saltanatlardan biri hisoblanadi.
Shajara o‘zining tarixiyligi va mukammalligi bilan qimmatli va ahamiyatlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Amir Temur davlati ramzlariga alohida o‘rin ajratiladi. Markaz axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ushbu muazzam dargohda Sohibqiron bilan bog‘liq eksponatlar o‘rin egallaydi.
Mahalliy va xorij muzeylaridan Amir Temur bilan bog‘liq eksponatlar mamlakatimizga qaytariladi va faksimile nusxalari yaratiladi.
“Amir Temur shajarasi” medialoyihasi ekspozitsiyaning eng boy manbasi hisoblanadi.
Tarixiy manbalarda Amir Temur shajarasi aks etgan sahifalarining faksimile nusxalari yaratiladi va ekspozitsiya tarkibiga kiritiladi.
Buyuk sarkarda shajarasidagi har bir tarixiy shaxs haqida ma’lumot beruvchi interaktiv kontent tayyorlanadi. Ushbu kontent tarqatma material sifatida nashr qilinadi va bu orqali keng jamoatchilikka targ‘ib qilinadi.
Ushbu loyihalarga Temuriylar tarixi davlat muzeyi boshchilik qilishi rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda olimlar va mas’ullar ishtirokida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini noyob eksponatlar va artefaktlar bilan boyitish bo‘yicha ilmiy-innovatsion loyihalar muhokamalari davom etmoqda.
N.Usmonova, O‘zA