9 aprel – Amir Temur tavalludi kuni
Buyuk Sohibqironning murakkab va sharafli hayot yo‘li, serqirra faoliyati zamondosh va keyingi avlod tarixchilari tomonidan bir qator manbalar asosida keng o‘rganildi. Mazkur asarlarda uning el-yurt va fuqaroning tashvishi, raiyatparvarlik, to‘g‘rilik, mehr-muruvvat, xalq qayg‘usi bilan bandlik, adolatlilik, donishmandlik, dushmanga shafqatsizlik, qat’iyatlilik, dinu diyonatga chorlash, qo‘shnichilik aqoidlariga rioya qilish va boshqa insoniy jihatlari haqida ko‘plab ma’lumotlar mavjud.
Amir Temur zamonida yozilgan asarlarni qunt bilan mutolaa qilsak, uning ko‘p yaxshi sifatlari bilan tanishamiz. Davlat boshqaruviga oid «Tuzuklar»i bunga yaqqol misol bo‘la oladi. «Temur tuzuklari»i bu ulug‘ insonning ichki olamini, dunyoqarashini, hayotdan olgan saboqlarini qanday talqin etganini, muhim qaror va xulosalarga kelishdan oldin u yoki bu muammoning eng to‘g‘ri yechimiga olib boruvchi omillarni to‘g‘ri belgilash qobiliyatini yaqqol namoyon etadi. Unda Amir Temurning ibratli pand-nasihatlari va o‘gitlari orqali uning el-yurt va fuqarolar g‘ami bilan yashaganligi, doimo xalq ahvolidan boxabar bo‘lganligi, uning yaxshi yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratishga davlat rahbari sifatida bel bog‘laganligini anglash mumkin.
Amir Temur o‘rta asrlar davriga xos o‘z udumlari doirasida faoliyat yuritgan bo‘lsa ham, inson manfaatlarini kuchaytirishga intilib, irqi, millati, dini va kelib chiqishidan qat’i nazar insonlarning bir butun hududda yashashi mumkinligi to‘g‘risidagi «yagona makon» g‘oyasining ilk tashabbuskoriga aylandi.
Saltanat ishlarini murosayu madora, muruvvat va sabr-toqat bilan yurgizgan buyuk ajdodimiz faoliyatida esa ijtimoiy himoya, bag‘rikenglik, g‘oya va amaliyot birligi yaqqol namoyon bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Sohibqiron hayoti davomida, sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarga uni qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin, o‘z ishi bilan shug‘ullanishga qurbi yetmay qolgan dehqonlarga ekin-tikin uchun zarur urug‘ va asbob, uy-imorati buzilib, tuzata olmayotgan fuqarolarga kerakli uskunalarni yetkazib berish zarurligini hamda bunday harakatlarning ijtimoiy farovonlik va taraqqiyotni ta’minlashdagi ahamiyatini chuqur anglagan holda faoliyat olib bordi.
Turli mamlakatlar aholisi bilan bo‘lgan muomalada xolislik bilan ish tutib, jamiyatda o‘zaro bir-birini tushunish, hurmat va hamkorlik ruhi ustuvor bo‘lishiga intilib yashadi. Faqiru miskin, biron kasb qilishga ojiz kishilarga nafaqa tayinlashni yo‘lga qo‘yib, aholini ijtimoiy himoya qilishning o‘ziga xos tizimini yaratdi.
Masalani Sohibqironning aforizmga aylangan, maqsadiga ko‘ra bir necha toifaga bo‘lib qarash mumkin bo‘lgan so‘zlari mazmuni orqali yoritish ma’qul ekanligini aytib o‘tamiz.
Davlat boshqaruvi masalalari xususida «Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi mashvarat, kengash va tadbir, qolgan bir ulushi qilich bilan bajo keltiriladi», deb ta’kidlaydi. Bu jumlalardan ayon bo‘ladiki, Amir Temur muammolarning harbiy yechimini birinchi o‘ringa qo‘ymagan. O‘z navbatida bu Sohibqironning jangu jadal qilishga, bekorga qon to‘kishga ruhan qarshi bo‘lganini ko‘rsatadi. Tarixdan ma’lumki, Amir Temur har gal harbiy yurishlari oldidan raqib tomonga muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish yuzasidan maktublar orqali takliflar yo‘llagan. Harbiy harakatlar esa mamlakat butunligi, strategik manfaatlar xavf ostida qoladigan hollarda oxirgi chora sifatida amalga oshirilgan.»Sulton har narsada adolatpesha bo‘lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlar bo‘lsin», deb keltiriladi «Temur tuzuklari»da. Hukmdorning adolatliligi jamiyatning rizosi uchun muhim deyilmoqda.
«Podshoh saltanat ishlarida har kimning so‘zini eshitsin, har kimdan fikr olsin. Qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, uni ko‘ngilga tugib qo‘ysin va kerak o‘rnida ishlatsin». Amir Temur mashvarat qoidasiga qat’iy amal qilgan. Aytilgan fikrlarni qiyoslab, ular orasidan eng maqbullarini ajratib ola bilgan. Biroq har qanday oqil maslahatni ham o‘zining ko‘nglidagi tahliliy xulosa bilan solishtirib, so‘ngra umumiy xulosaga kelgan. «Tuzuklar»da bu haqda alohida ta’kid ham bor: «Davlat uch narsa bilan – hokimiyat, xazina va lashkar bilan tirikdir. Bularni tadbirkorlik bilan yaxshi tutmoq,saranjom ushlamoq lozim».
O‘z yurtiga va podshosiga sadoqatni qadrlash xususida: «G‘anim (dushman) tomonidan bo‘lgan navkar bizga qarshi qilich ko‘targan bo‘lsa, o‘z yurtining tuz haqini halollagan bo‘ladi». Bu aytimning ma’nosi alohida e’tiborga loyiq. Zero, dushmanga mensimasdan qarash zararli. Dushmanligidan ko‘ra ko‘proq o‘z burchiga sadoqati unga qarshi jang olib borayotgan askarlarda o‘z vatani oldidagi burchni eslatib turadi.
Amir Temurning ushbu fikri Sulton Boyazidga Anqara jangidan keyin unga nisbatan ko‘rsatgan iltifotida yaqqol namoyon bo‘lgan.»Yoshi ulug‘ keksa sipohiylarni hurmatlab, aziz tutsinlar, ulardan foydali maslahatlar so‘ralsin. Ularni saltanat korxonasining ustunlari deb bilsinlar».
Bu fikrda tarbiyaning vorisiyligiga ishonch ifoda topgan. Ya’ni o‘sib kelayotgan yosh avlod doimo yoshi ulug‘ insonlardan va ustozlardan maslahat olib, o‘z ishlarini rejalashtirsa, albatta, o‘z maqsadiga erishadi.
Vazirlar, ularga yuklangan mas’uliyatga loyiqlik masalasi doimo Amir Temurning diqqat markazida bo‘lgan.
«Asli toza, nasli pok ulug‘ zotlardan bo‘lgan yaxshi ravishli kishilardan topib, vazir qilinglar. Chunki asli toza kishi xato qilmaydi, asli nopok esa vafo qilmaydi».
Bu o‘rinda pok tiynatlilik, halollik, insofu diyonat ustuvorligi haqida gap bormoqda. Davlat manfaatlarini vijdonan himoya qilish vazirning asosiy burchi ekani ta’kidlangan.
«Qaysi vazir soflik, to‘g‘rilik bilan ishga kirishib, davlatning moliya va mulkiya ishlarini diyonat bilan boshqarsa, nafsi buzuqlik qilmay, omonatga xiyonat etmay bajarar ekan, bunday vazirni eng oliy darajalarga yetkazsinlar».
Amir Temur obodonchilik, xo‘jalik ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishida mamlakat hayotining barqarorligiga kafolat borligiga qattiq ishongan. Bunday to‘g‘ri olib borilgan iqtisodiy siyosat kelajakda mamlakat taraqqiyoti va xalq turmush tarzining farovonligiga xizmat qilgan. Davlatning o‘z fuqarosiga g‘amxo‘rligi, uning xo‘jalik yuritishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berib, uning turmush tarzi yaxshilanishi kelgusida davlatning ham mustahkam va qudratli bo‘lishiga xizmat qilishini davlat rahbari sifatida chuqur anglagan.
Xalq manfaatlarining ustun qo‘yilishi xususida quyidagi fikrlarni aytadi: «Har bir shaharda masjidlar, madrasalar qurishni, musofir yo‘lovchilar uchun yo‘l ustida robotlar bino qilishni, daryolar ustiga ko‘priklar qurishni buyurdim. Katta-kichik qishloqlarda xonaqohlar qursinlar, faqiru miskinlarga langarxonalar barpo qilsinlar, kasallar uchun shifoxonalar qursinlar, tabiblar tayinlasinlar. Xarob bo‘lib yotgan yer egasiz bo‘lsa, xolisa (davlat) tomonidan obod qilinsin, agar egasi bo‘lsayu, obod qilishga qudrati va mablag‘i yetmasa, unga kerakli asbob, ulov, urug‘lik va boshqa zarur narsalar berilsin toki o‘z yerini obod qilib olsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalar yetkazib berib, unga yordam berilsin va h.k»..
Fuqarolarning ulug‘lanishi va himoya qilinishi xususida:
«Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir.»Ushbu da’vatkor so‘zlar bundan qarib yetti asr ilgari emas, balki hozir ham dolzarb jaranglab turibdi. Bobomiz Amir Temur ibratining abadiy barhayotligi ham shundadir. Yuqorida keltirilgan misollarning ma’naviy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ko‘lami shu qadar keng ekani Amir Temurning hukmdor sifatidagi ulug‘vorligidan dalolat beradi. Bu pandu nasihatlar jamiyat hayotining barcha jabhalariga daxldor holda ma’naviyat mulkining durdonalari bo‘lib qolaveradi.
Amir Temur faoliyatida e’tiqod, dinu diyonatga, adolatga ma’naviy yetuklikning mezoni sifatidagi munosabat alohida o‘rin tutgan:
«Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim.
Ilm va dinning mashhur kishilari o‘z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelganlar».
Muxtasar aytganda, Amir Temurning hayotning barcha jabhalariga oid o‘gitlari o‘zining qimmatliligi va ahamiyatliligi bilan hozirgi davrimizda o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Biz yoshlarga bu nasihatlarni qancha o‘rgatsak, shuncha kam.
Ra’no O‘rozova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish
kafedrasi katta o‘qituvchisi,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.