Amir Temur merosiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir
FOTOREPORTAJ
Namangan davlat texnika universitetida buyuk davlat arbobi va sarkarda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Universitetning Ijtimoiy fanlar kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar Amir Temurning boy tarixiy merosi, davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyati, harbiy san’atdagi noyob tajribasi hamda “Kuch — adolatda” tamoyili asosida olib borgan siyosatini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, talaba-yoshlar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Bu chiqishlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ma’naviy muhitni yanada boyitdi.
Universitet Axborot-resurs markazi tomonidan esa buyuk sarkarda hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi. U ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otib, tarixiy bilimlarni yanada boyitishga xizmat qildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlarning milliy tarixga qiziqishini oshirish, ajdodlar merosini chuqur o‘rganish hamda ularda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA