Vatanimiz tarixidagi 28 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1399 yil (bundan 626 yil oldin) – Hindiston yurishidan qaytgan Amir Temur Samarqand shahridagi Qusam ibn Abbos qabrini ziyorat qildi. Sohibqiron qo‘shini Hindistondan katta o‘ljalar bilan qaytgan edi. O‘ljalar orasida 120 ta jangovar fil ham bo‘lib, Amir Temur ularnipg bir qismini qo‘shin ixtiyorida qoldirib, qolganlarini keyinchalik Samarqand va Shahrisabzda olib borilayotgan qurilishlarda ishlatdi. Ayni shu kuni samarqandliklar ilk bor Sohibqiron olib kelgan fillarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Mazkur voqea tarixchi olim Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida quyidagicha bayon etiladi: “Seshanba kuni, oyning yigirma birida (milodiy 1399 yil 28 aprelda) davlat bila Jahongushoydin otlanib, Samarqand shahriga kirib, ul shaharda Qusam ibn al-Abbosning mazorig‘a borib tavof kildi. Andag‘i mujovir (mozorning shayxi, mozor va uning mulkiga ko‘z-quloq bo‘lib turuvchi kishi)larg‘a ko‘b nimalar berib, namozi peshinda Bog‘i Chinori naqshi jahong‘a borib tushti. Va bu mahalda pillar yetishti.
Va Samarqand elikim, hargiz pilni ko‘rmagon erdilar, barcha xalq tafarrujqa chiqib, Haqq subhonahu va taolo san’ig‘a hayron bo‘ldilar. Hazrat sohibqiron barcha shahzodalarga va shaharning buzurglarig‘a tansuq nimalarkim, Hindustondin kelturub erdi, kishiga loyiq savg‘otlar berdi. Va Sarangkim, Malluxonning ag‘osi erdi, ikki pil bilan amirzoda Sulton Muhammadqa yibardi”.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Qusam ibn Abbos Muhammad (s.a.v.)ning amakivachchasi hisoblanadi. U xalifa Ali ibn Abu Tolib zamonida Makka voliysi bo‘lgan. Muoviya zamonida Xuroson voliysi Sayyid ibn Usmon bilan Samarqandga kelib, shu yerda o‘ldirilgan. So‘ng u vafot etgan yerida ko‘milgan. Keyinchalik bu yerda Shohi Zinda (“Tirik shoh”) ansambli shakllangan. Bu ansamblning hozirgi nomi esa Shahid Zinda iborasining buzilib aytilishidir.
1512 yil (bundan 513 yil oldin) – Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon Buxoro vohasidagi Ko‘li Malik degan joyda Bobur qo‘shinlari ustidan g‘alaba qozondi. Bobur va Ubaydullaxon o‘rtasidagi bu jang “Abdullanoma”da quyidagicha hikoya qilinadi: “Bobur podshoh qirq ming askar bilan Buxoro tomonga yo‘naldi va Buxoroning g‘arbiy tomonida joylashgan Ko‘li Malik degan joyida Ubaydullaxonga muqobil bo‘ldi. Shundan so‘ng har ikki tarafning pahlavonlari bir-birlarining qarshisida saf tortdilar va Ubaydullaxon g‘olib kelib, Bobur podshoh yengildi”.
1870 yil (bundan 155 yil oldin) – Turkistondagi ilk davriy matbuot, rus mustamlakachilari tomonidan tashkil etilgan dastlabki gazeta – “Turkestanskiye vedomosti” chiqa boshladi. Gazetaning jami 6 ming 406 ta soni bosilgan. Tarixchi Sanobar Shodmonovaning qayd etishicha, ushbu gazeta Rossiyadagi guberniya vedomostlariga tenglashtirilgan bo‘lib, unga amaldorlar obuna bo‘lishi majburiy edi.
Turkiston general-gubernatorligi bu gazeta orqali o‘z g‘oyalarini tarqatishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsada, amalda matbuot o‘lkani har tomonlama o‘rganib hamda rus aholini Turkiston hayoti bilan tanishtirish, ularga madaniy, iqtisodiy, ijtimoiy xabarlar berish borasida alohida ahamiyat kasb etgan. Biroq gazetada o‘lka hayotidagi ko‘plab salbiy holatlarni ko‘rsatmaslikka harakat qilingan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Toshkentda Turkiya Respublikasi elchixonasining ochilish marosimi bo‘ldi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston davlat san’at institutining Nukus filialini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2014 yil (bundan 11 yil oldin) – “UzReport” telekanali o‘z efirini boshladi. Ushbu telekanal O‘zbekiston axborot makonida tezkor yangiliklar va tahliliy dasturlar bilan teletomoshabinlarga xizmat qila boshladi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Zomin» turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atoqli olimlar, madaniyat va san’at sohasi vakillarining yubiley sanalarini keng nishonlash hamda ular faoliyatini targ‘ib etish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – Nyu-Yorkda O‘zbekiston bilan Serra-Leone Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi. Mamlakatimiz mustaqilligini 1991 yil 21 dekabrda tan olgan Serra-Leone shu tariqa O‘zbekiston bilan diplomatiya hamkorligiga kirishgan 143-davlatga aylandi. Ikki davlat hukumati nomidan hujjatni BMTdagi doimiy vakillar Baxtiyor Ibragimov va Al-Hoji Fand Turay imzoladi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA