Buxoro qadim zamonlardan buyon madaniyat va maʼrifat, ilmli va donishmand kishilar jamlangan shahar sifatida shuhrat qozongan.

Buxoro qadim zamonlardan buyon madaniyat va maʼrifat, ilmli va donishmand kishilar jamlangan shahar sifatida shuhrat qozongan. Qay bir saltanat yoxud imperiya boʻlmasin, shahar barchasining maʼmuriy markazi, poytaxti boʻlib xizmat qilgan. Turk xoqonligi, Somoniylar sulolasi davri va boshqalar shular jumlasidandir. Ayniqsa, Temuriylar davrida Buxoroga alohida eʼtibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari Buxoroning 2500-yillik yubiley tantanalarida soʻzlagan nutqida: “Buxoro Temuriylar davrida gullab yashnadi. Jahon maydonida eng moʻttabar shaharlardan biri darajasiga koʻtarilgan bu shahar ham diniy, ham dunyoviy ilmlar markazi sifatida nom chiqardi”, degan fikrlarni bildirgandi.

Haqiqatdan ham, Temuriylar saltanatining poytaxti Samarqandga ham masofa hamda maʼnaviy jihatdan yaqin boʻlgan Buxoroga Temur har gal tashrif buyurganida, darvoza oldida otdan tushib, Arkkacha piyoda borgan. Bu uning aziz avliyolarga va volidai muhtaramasi Teginabegim Mohni dunyoga keltirgan shaharga nisbatan yuksak hurmati ifodasidir. Buxoroga Samarqanddan keyingi ikkinchi markaz deb qaralib, u yerda shaxsan Temurning amru-farmoni bilan saroylar, masjidlar, xonaqohlar, savdo rastalari va boshqa imoratlar koʻtarilgan. Sharq va Gʻarbni bogʻlab turuvchi Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Buxoro katta savdo hunarmandchilik markaziga aylanadi.

Temur va undan keyingi temuriy hukmdorlar davrida Buxoroda ilmiy va adabiy hayot ravnaq topib, buxorolik olimu fuzalolar saltanat maʼnaviy muhitida katta rol oʻynagan. XIV asr oxiri XV boshlarida Buxoroda Nosir Buxoriy, Muhammad al-Buxoriy, Xoʻja Ismat Buxoriy, Saʼduddin Taftazoniy, Muhammad Porso kabi allomalar yashab ijod etganlar.

Amir Temurning Buxoroyi Sharif haqida gʻamxoʻrlik qilganini XIV asrdan to hozirgacha avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan bir rivoyatdan anglash qiyin emas. Sohibqiron 1387-yili Sheroz shahrini egallagandan soʻng, bu shaharning eng zabardast shoiri hisoblanmish Hofiz Sheroziyni oʻz huzuriga chaqirtirib, quyidagi mashhur matlai bilan boshlanadigan gʻazalni eslatadi:

Agar on turki sherozi ba dast orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqandu Buxororo.

Yaʼni:

Agar koʻnglimni olsaydi oʻshal Sheroz jononi,
Qora xoliga bergumdir Samarqandu Buxoroni.

“Hofiz” laqabi bilan mashhur shoir Sheroziy oʻz gʻazalining shu baytida Amir Temur butun umri davomida kuch-hayratini ishga solib, obod qilgan Samarqand va Buxoro shaharlarini oʻzi yaxshi koʻrgan jononning bir dona qora xoliga berib yubormoqchi boʻlgan edi. Gʻazalni yozgan shoirning bunday tantiligi, saxiyligidan dargʻazab boʻlgan Sohibqiron darhol uni topib kelishlarini buyuradi. Bu vaqtda yoshi oltmishlardan oshgan, ustiga eski janda kiygan, ahvoli nochor shoirni Amir Temur huzuriga olib kelishganida u shoirga oʻta norozilik ohangda:

- Men Samarqand bilan Buxoroning dongʻini koʻtarish uchun qancha mamlakat va xalqlarni zabt etsamu, sen ularni qandaydir bir jononning bitta xoliga tuhfa qilib yuborsang! Bunga qanday botinding? – deydi.

- Ey Sohibqiron! – debdi bunga javoban shoir. – Egnimdagi jandamga, ahvolimga qara! Shunday isrofgarchiligim meni oxiri shu ahvolga solib qoʻydi-da!

Shoirning Sohibqiron oldida oʻzini yoʻqotmay, hazil bilan shunday chiroyli, haqqoniy javob qilgani Amir Temurga xush kelib, shoirga inʼom-inoyatlar qilgan va u yana beozor oʻz uyiga qaytib ketgan ekan. Bu misolda haqiqat parchasi shundan iboratki, Temur Samarqand bilan barobar Buxoro obroʻyi, mavqei, shuhratini koʻtarish uchun katta xizmatlar qilgan.

Amir Temur davrida Buxoroda koʻplab obidalar barpo etilgan. Namozgoh masjidi, Chashmai Ayub, karvonsaroy, rabotlar va boshqalar. Ahamiyatlisi shundan iboratki, Temur vafotidan keyin ham Buxoroga eʼtibor susaymagan. Ayniqsa, Sohibqironning suyukli nevarasi Mirzo Ulugʻbek sharif shaharning ilmiy-maʼrifiy qimmatini yana-da yuksaltirish maqsadida qator ishlarni amalga oshirgan. Bu yurtda ikkita madrasa bunyod ettirgan. Jumladan, 1417-yilda Buxoroda, 1433-yilda Gʻijduvonda barpo etilgan.

Amir Temur oʻz davlatini jahonning buyuk saltanatlari qatoriga qoʻshgan ekan, Buxoroni ham bu jahoniy shuhratga erishuvida oʻzining bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan.

Shavkat BOBOJONOV,
OʻzR FA Tarix instituti tayanch doktoranti

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temur har gal piyoda kirib borgan shahar