Vatanimiz tarixidagi 29 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1822 yil (bundan 202 yil oldin) – tarixchi olim Shodmon Vohidovning qayd etishicha, hijriy 1238 yil rabiassoniy oyining o‘n to‘rtinchi kuni Qo‘qon xoni Umarxon vafot etdi. Shu kuni uning vorisi Muhammadalixon – Ma’sumxon To‘ra, shayxulislom Domullo Zokirxo‘ja eshon va tog‘alari Qosim beklarbegi tomonidan xonlik taxtiga ko‘tarildi.
Mirzo Olim Mahdum Hojining “Tarixi Turkiston” asarida bu voqea quyidagicha qayd etilgan: “Vafot va jasadlarini bir kecha kunduz maxfiy saqlab, Umarxonning 14 yoshga kirgan o‘g‘li Muhammadalixonga hamma arkoni davlat va a’yoni mamlakat bay’at qilib, qasamyod aylab, podshohlikning rusumi bo‘yicha Muhammadalixonni oq namadga solib, xon ko‘taribdurlar”.
1910 yil (bundan 114 yil oldin) – Buxorodagi Arki oliyda bo‘lib o‘tgan majlisda mirzo Nizomiddin Urganjiy bir necha kun oldin taxtga o‘tirgan amir Olimxonning birinchi farmonini yig‘ilganlarga o‘qib eshittirdi. Tarixchi Dilnoza Jamolovaning yozishicha, farmon «Biz, xalqning osoyish va tinchligini samimona bir suratda istaymiz, raiyaning saodati va yurtning obodligi yo‘liga tangri taoloning yordami bilan cholishamiz», jumlalari bilan boshlangan bo‘lib, unda asosan soliq tizimi va harbiy sohani rivojlantirishga qaratilgan islohotlar, poraxo‘rlikni ta’qiqlashga doir majburiyatlar belgilab qo‘yilgan edi.
1911 yil (bundan 113 yil oldin) – Rossiya imperatori tomonidan Turkiston general-gubernatorligi huzuridagi siyosiy agentga Buxoro amirligida aminona va zakotni bekor qilish yuzasidan amir Olimxon bilan shartlashish topshirig‘i topshirildi. Tarixchi Ikromjon Azizovning qayd etishicha, siyosiy agent mazkur topshiriq yuzasidan amir bilan gaplashganda, amirning kayfiyati buzilib, uni xushlamagan holda, “zakot bizning asrlar davomidagi e’tiqodimiz, bunga bizni dinimiz buyurgan” deb javob bergan.
Diplomatik amaldor amirning kayfiyati haqida Rossiya imperatoriga ma’lum qilgan. Shu bilan birga, aminonadan yiliga 200000 rubl yig‘ilishini, amirning Rossiyaga bir martalik safari 4000000 rublga tushishini keltirib o‘tgan. Shu tariqa Amir Olimxon taxtga o‘tirgandan so‘ng Rossiya tomonidan amirlikdagi soliqlarni o‘zgartirishga urinishlar bo‘lgan. Ammo, bir qator sabablarga ko‘ra buning iloji bo‘lmagan.
1921 yil (bundan 103 yil oldin) – tarixchi Mahmud Ochilovning yozishicha, Buxoro respublikasida “Buxoro ikkinchi sanoat shirkati” tashkil qilindi. U 1922 yil 4 yanvardan o‘z faoliyatini boshladi. Buxoroning Chinnifurushlar rastasidagi Ulug‘bek madrasasidan shirkat idorasi uchun joy ajratildi. Buxoro hukumati tomonidan 1922 yil 4–10 yanvarda unga 500 million so‘m oqcha ajratilgan va shirkat sarmoyasi 1 million oltin so‘m qilib belgilangan.
“Buxoro axbori” gazetasining 1922 yil 4 fevraldagi “Qimmatchilik bilan kurash” nomli maqolasida yozilishicha, “Bu shirkat sovun zavodi ochib, bozordan 20 ming so‘mga olina turg‘on sovunni 1000 so‘mga, gugurt zavodi qilib, 5000 so‘mlik gugurtni 1000 so‘mga sotmoq va shunga o‘xshash zavodlarni borliqqa keltirib, narsalarni arzon bahoga chiqarib, qimmatchilikni bitirmak bo‘lgandur ham shirkatning sarmoyasi ko‘proq to‘planib, ko‘proq narsalar ishlashga imkon bo‘lsin uchun shirkatning narxini arzon qilib, har bir kambag‘alning shirkatga qo‘shilmog‘iga yo‘l ochqonlardir. Shirkat hozirgi kunda elektrik istansasi bino qilib, shahar xalqiga lampa o‘rniga elektrik chirog‘i bermak uchun bu to‘g‘rida hisob yurg‘izib ko‘rdi”.
1934 yil (bundan 90 yil oldin) – Samarqanddagi tarixiy-me’moriy yodgorliklarni arxeologik jihatdan tadqiq etgan olim Vasiliy Vyatkinning hoki o‘zi ochgan Ulug‘bek rasadxonasining yoniga ko‘chirildi. U 1932 yilda vafot etgan bo‘lib, uning ilmiy xizmatlarini hurmatlash yuzasidan, o‘sha vaqtda Samarqand Registonida dafn etilgan edi.
1937 yil (bundan 87 yil oldin) – O‘zbekiston xalq artisti Rixsixon Ibrohimova tavallud topdi. U 1997 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
1991 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekistonda mustaqillikka bag‘ishlangan umumxalq referendumi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Toshkent shahar hokimi lavozimiga saylov o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalqi respublika Oliy Kengashi e’lon qilgan O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini ma’qulladi.
Demokratik me’yor va tartiblarga mos ravishda, umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash huquqi, muqobillik asosida o‘tgan umumxalq saylovida Islom Karimov O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
1993 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mamlakat mustaqilligini hamda hududiy yaxlitligini, xalqimizning tinch hayotini va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lidagi bunyodkorlik mehnatini himoya qilishdagi, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini, shuningdek, O‘zbekiston hududida joylashgan harbiy tuzilmalarning 1992 yil 14 yanvardan respublika yurisdiksiyasiga o‘tkazilganligini inobatga olib, 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni etib belgilandi.
1994 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1994 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi tashkil etildi.
2016 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2018 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi «Mingtepa» arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”, “Xorazm viloyatidagi «O‘zbek-Turkman do‘stlik uyi» va «Ulli hovli» majmuasi» direksiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.
2021 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, “Davlat arxivlari o‘quv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdor bo‘lgan, davlat ekspertlik ilmiy-tadqiqot muassasasi shaklidagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tashkil etildi.
2023 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomni hamda Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasini tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA