Amerikalik tarjimon bilan uchrashuv
Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani ilk bor o‘zbek tilidan ingliz tiliga amerikalik taniqli tarjimon va tadqiqotchi Mark Edvard Riz tomonidan tarjima qilinib, Amerika Qo‘shma Shtatlarida «Bygone days» nomi ostida kitob holida chop etildi.
Avvalgi xabarlarimizda Mark Riz ayni paytda yurtimizda bo‘lib, tarjimon bilan turli xil ijodiy uchrashuvlar tashkil etilayotgani haqida ma’lumot bergan edik. Shunday uchrashuvlardan biri Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Abdulla Qodiriy nomidagi Ijod maktabida bo‘lib o‘tdi.
Bu yerda «O‘tkan kunlar» romanining inglizcha tarjimasi taqdimoti bo‘ldi. Yangi kitobning ilk nusxalari AQSHdagi davlat tashkilotlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ushbu mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillariga tarqatildi. Shuningdek, u AQSHning eng yirik kutubxonasi – Kongress kutubxonasi katalogiga kiritildi. Shuningdek, ushbu asar e-book shaklida ham chop etilgan.
– Mening tarjimam 1926 yildagi jadid tili bo‘lmish arab yozuvidan kirill yozuviga o‘girilgan asl matndan tarjima qilingan. Qidiruv davridagi Markaziy Osiyo, u davrdagi madaniy muhitni tushuntirib berish uchun tarjimaga 500 ga yaqin izoh qo‘shganman, – deydi Mark Riz. – O‘zbek tilshunoslari va adiblari uni ko‘rib chiqib, tahrirlashga yordam bergan.
Tadbir davomida tarjimon Mark Riz maktab o‘quvchilari tomonidan berilgan savollarga javob berdi.
O‘zbekiston davlat drama teatrining mahoratli aktrisa va aktyorlari tomonidan namoyish etilgan «O‘tkan kunlar» romanidan parcha tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar va Ijod maktabi o‘quvchilariga manzur bo‘ldi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA