Amerikadagi ikki yil avvalgi xotiralar
Mana yana navbatdagi safar... Safar manzili Toshkent – Nyu-York – Vashington...“Amerika orzusi” sari.
Mana yana navbatdagi safar... Safar manzili Toshkent – Nyu-York – Vashington...“Amerika orzusi” sari.
Amerikaning Nyu-York shahridagi Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroportiga qoʻndik. Vahima qiladigan hech qanday manzara yoʻq. Xuddi oʻzimizdagidek odatiy aeroport, faqatgina roʻyxatdan oʻtishda aeroport xodimi ingliz tilida murojaat qilmoqda. U pasportga muhr qoʻydida “Welcome to USA”, deb kulimsirab qoʻydi.
Aeroport binosining arxitekturasi oʻzgacha uslubda, atrofi toza, sariq rangdagi taksilarning biri toʻxtab, biri manzil sari oshiqmoqda. Men sheriklarimga qarab, “Ey doʻstlar, biz qayerdamiz oʻzi? Manxetten, osmonoʻpar binolar, Ozodlik haykali qani?”, deb soʻradim. Bizni kutib olishga chiqqan elchixona vakili Abbat aka kulimsirab, “Biz shahar chekasidamiz, siz aytayotgan joylar bu yerdan uzoqroqda. Hamma avtobusga”, deb yoʻl boshladi.
Avtobus haydovchisi qora tanli gavdali yigit ekan. Salomlashib, uni suhbatga chorladik. Ismi Vagit ekan. Biz hazillashib Abduvohid, deb unga murojaat qildik. Juda samimiy va ochiqkoʻngil yigit ekan. Yoʻl-yoʻlakay shtatlarni tanishtirib ketdi. Garchi ingliz tilini barchamiz birdek yaxshi bilmasakda, gaplarini ilgʻab olishga harakat qildik. Okean yaqinligi uchun hudud tabiati musaffo, atrof yashillikka burkangan. Ravon yoʻllar, osma koʻpriklar, yoʻl boʻyidagi belgilar, ogohlantiruvchi yozuvlar, bularning barchasi insonlarga qulaylik yaratish uchun xizmat qilmoqda. Oʻsha mashhur tarixiy Bruklin koʻprigi (“The Brooklyn Bridge”) ustidan oʻtib borar ekanmiz, atrofdagi oʻzgacha manzaradan barchamizning hayratimiz oshdi. Bruklin yoshlari oʻz orzusiga erishish va jamiyatda oʻz oʻrnini topish uchun aynan shu koʻprikdan Manxetten (Manhattan) tarafga oʻta turib niyat qilishar ekan. Xullas, biz ham yoʻl-yoʻlakay orzu va niyat qilishdan toʻxtamadik.
Nyu-Yorkdan Filadelfiya, Nyu Jersi, Merilend shtatlari orqali oʻtib Amerikaning birinchi prezidenti nomidagi poytaxt Vashington shahriga yetib keldik. Shaharga kirib kelar ekanmiz, men yana “Baland binolar qani?”, degan savolni oʻrtaga tashladim. Qolgan sheriklarimni ham shu savol oʻylantirayotgan ekan. Bizga izoh berishdi: Vashingtonda baland binolar yoʻq. Sababi bu shahar siyosiy vaqonunlarga boʻysinadigan munitsipal poytaxt hisoblanib, markazda joylashgan mashhur Kapitoliy binosidan baland bino qurish man etilgan. Bu AQSHdagi qonun ustuvorligidan darak.
Mehmonxonaga joylashgach, biroz dam olib koʻchaga chiqdik. Dunyoga mashhur Oq uy “The White house” tarafga yurdik. Atrofga chalgʻib, qaysi koʻchaga burilishni bilmay turgan edik, sal narida turgan politsiya zobiti bizga kerakli yoʻnalishni koʻrsatib, qoʻlini furajkasiga tekkizib qoʻydi. Oq uy koʻchasida turar ekanmiz, tarixiy joy, uning yon-atrofidagi takrorlanmas goʻzallikdan bahra oldik. Qalin daraxtzor va yam-yashil gazon oralab olmaxonlar yugurib yuribdi. Poytaxt koʻchalari tartibli boʻlishiga qaramay parkovka muammosi ham mavjud ekan.
Xullas, shaharning tarixiy va diqqatga sazovor zamonaviy joylarini qisqa vaqt ichida aylangan boʻlsak-da, juda koʻp taassurotlar oldik. Yana bir bor AQSHda koʻrishguncha deb, Ona Vatanga qaytdik!
AQSH, 2018-yil 13-may