Amerikada Rishton o‘rigiga xaridor ko‘paydi (+video)
Farg‘ona viloyati Rishton tumanida jami 3,5 ming gektar maydonda hosil berayotgan bog‘ bor. Uning 2 ming gektari o‘rikzor. Hozir o‘riklar uzildi va qayta ishlanmoqda. Ya’ni quritilyapti. Jahon bozorida tabiiy, quyosh nurida quritilgan bargak va qantaki navli o‘riklarga talab keskin oshib ketdi. Buning sababi avvalo Rishton o‘rigining shifobaxshligi hamda uni tabiiy ravishda quritilayotganidadir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda tumandan 318 ming dollarlik quritilgan o‘rik mahsulotlari eksport qilindi. Mahsulotlar Rossiya, Qozog‘iston, Yaponiya, Yevropa davlatlari hamda AQSH bozorlariga yetkazib berildi.
Tumandagi Xurramobod mahallasi bu borada alohida o‘rin tutadi. Mahalladagi 815 ta xonadonning deyarli barchasi o‘rik quritish va uni eksportga tayyorlash bilan shug‘ullanadi. O‘tgan yilning o‘zida mahalla aholisi tomonidan tayyorlangan quritilgan o‘rik mahsulotlari zamonaviy qadoqlarda xorijiy bozorlarga yo‘naltirildi. Bu esa mahallaning iqtisodiy faolligi va eksport salohiyati tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

– O‘tgan yili 50-60 tonna mahsulot eksport qildik. Ayni paytda AQSHga ham mahsulot yetkazib berdik. Ilgari Yaponiya bozoriga ham eksport qilganmiz, – deydi tadbirkor Inomjon Qurbonov. – Bu mamlakatlarda rishtonlik qandaki o‘rikning qadrini yaxshi bilishadi. Uning ta’mi, sifati va o‘ziga xos xususiyatlari boshqa navlardan ajralib turadi. Shu bois tashqi bozorlarda ham unga talab yuqori.
– Mahallamiz iqtisodiyotining asosiy tayanchi o‘rikchilik hisoblanadi, – deydi “Xurramobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Farhod Soliyev. – Bu soha aholi daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Natijada mahallada bandlik ta’minlanib, ijtimoiy barqarorlik mustahkamlanmoqda. Bu yil hududimizda ishsizlik va jinoyatchilikni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishishni ko‘zlaganmiz. Eng muhimi, mahallada yetishtirilgan mahsulotlarga tashqi bozorlarda talab ortib bormoqda. Bugun ular Yevropa va AQSH kabi davlatlarga eksport qilinmoqda, eksport hajmi esa yil sayin kengaymoqda.
Eksportbop mahsulot tayyorlashda tadbirkorlarning hissasi ham katta. Ana shunday tashabbuskorlardan biri Inomjon Qurbonov bo‘lib, u o‘z xonadonida o‘rik quritish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Tadbirkor 30 nafar xotin-qizni doimiy ish bilan ta’minlagan. Mahsulotlar “Bek” brendi ostida zamonaviy qadoqlanib, tashqi bozorlarga chiqarilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, mahsulotlar quyosh nurida tabiiy usulda quritiladi va hech qanday kimyoviy ishlovlarsiz qadoqlanadi. Bu esa mahsulotning ekologik tozaligi va sifatini ta’minlab, xorijlik xaridorlar ishonchini mustahkamlamoqda.
Mahsulotlarning eksport talablariga to‘liq javob berishi uchun fitosanitariya nazorati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Farg‘ona viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining Rishton tumani bo‘limi mutaxassislari bog‘dan to eksport jarayonigacha bo‘lgan bosqichlarda muntazam monitoring ishlarini olib bormoqda.

– Karantin inspektorlari bog‘bonlar bilan hamkorlikda ishni daraxtlar barg chiqarishidan oldin boshlaydi, – deydi Rishton tumani karantin inspektori Ilhom Mamatqulov. – Har bir inspektor muayyan hududga biriktirilgan bo‘lib, bahor mavsumi boshlanishi bilan bog‘larda kasallik va zararkunandalarning oldini olish choralari izchil amalga oshiriladi. Ana shu tizimli yondashuv natijasida sifatli va eksportbop mahsulot yetishtirilmoqda. Bugun rishtonlik bog‘bonlar yetishtirgan o‘rik Amerika va Yevropa davlatlari bozorlarida ham yuqori baholanmoqda.
Ilhom Mamatqulovning ta’kidlashicha, mahsulotni qadoqlash tizimi ham xalqaro talablar asosida takomillashtirilgan. Ilgari o‘riklar yog‘och yashiklarga joylangan bo‘lsa, hozir maxsus qog‘oz qutilarda eksport qilinmoqda. Qadoqlarda mahsulot brendi, ishlab chiqaruvchi haqidagi ma’lumotlar, o‘rikning xususiyatlari va boshqa zarur axborotlar aks ettiriladi.

2026-yilda tabiiy ravishda quritilgan o‘riklar eksporti uchun rishtonliklar eng ko‘p shartnomani Amerika va Yaponiya tadbirkorlari bilan tuzdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_iNJXfcTA18" title="Amerikada Rishton o‘rigiga xaridor ko‘paydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA