Amazonkada yong‘inlar kamaydi, ammo…
Braziliyaning Amazonka o‘rmonlarida 2025-yil davomida kuzatilgan yong‘inlar so‘nggi qirq yildagi eng past darajaga tushdi. Atrof-muhitni monitoring qiluvchi “MapBiomas” tarmog‘i hisobotiga ko‘ra, sputnik kuzatuvlari natijasida kuygan maydon 3,1 million gektarni tashkil etgan. Bu 1985-yildan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Mutaxassislar bunday natijani o‘rmonlarni kesish sur’atining pasayishi bilan bog‘lamoqda.
Daraxt kesilgan hududlar kamaygani sababli olov tez tarqalishi uchun zarur bo‘lgan quruq o‘simliklar ham ancha qisqardi. Bu esa tabiiy ekotizimning barqarorlashishiga xizmat qildi. Tadqiqot rahbari Ane Alenkar fikricha, 2024-yil oxiri va 2025-yil boshida yomg‘ir mavsumining kechikishi qishloq xo‘jaligi yerlarini yoqish uchun odatda shakllanadigan qulay davrni izdan chiqargan. Shuningdek, o‘tgan yilgi yirik falokatdan keyin mahalliy aholi ehtiyotkorlikni kuchaytirgani ham ijobiy natija bergan.
Olimlar vaziyat uzoq muddat barqaror qolishiga kafolat yo‘qligini ta’kidlamoqda. AQSHning Milliy okean va atmosfera ma’muriyati joriy yil yozida El-Nino iqlim hodisasi shakllanish ehtimolini 62 foiz deb baholagan. Agar u kuchli bosqichga o‘tsa, mutaxassislar shartli ravishda “super El-Nino” deb ataydigan jarayon yuzaga kelishi mumkin. Bu esa Amazonkada qurg‘oqchilikning cho‘zilishi va yong‘inlar xavfining yana ortishiga sabab bo‘ladi.
So‘nggi yillarda Braziliya hukumati o‘rmonlarni muhofaza qilishni davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi. Prezident Luis Inasiu Lula da Silva 2030-yilgacha o‘rmonlarni noqonuniy kesishga barham berish maqsadini ilgari surgan edi. Dastlabki natijalar ushbu siyosat samara berayotganini ko‘rsatmoqda. Shunga qaramasdan, Amazonka sohillari yaqinida neft qidiruv ishlarining olib borilishi ekologik tashkilotlar tanqidiga sabab bo‘lib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA