Amaliyot, natija va sarhisob
bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tarkibida 12 ta korxona mavjud. Ulardan 6 tasi yirik issiqlik elektr stansiyasi, 3 tasi esa issiqlik elektr markazi va yana 3 ta elektr stansiyasi xizmat ko‘rsatuvchi pudrat tashkilotdir.
Ayni chog‘da “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi asosiy generatsiya korxonasi hisoblanib, jami elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 85 foizni tashkil etadi.
Joriy yilning olti oyidagi tahlillarga ko‘ra, jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan 27,8 milliard kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Amalda esa bu ko‘rsatkich 28,7 milliard kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni tashkil etdi. Rejaga nisbatan bu 103,1 foizga ko‘p. Tovar mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 9,3 trillion so‘mdir.
Shartli yoqilg‘ining solishtirma sarfi 302,57 gramm kVt.soatni tashkil etdi. Bu 2021 yilga nisbatan 6,6 gramm kVt.soatga kam bo‘lib, natijada yil boshidan buyon 768,5 milion metr kub tabiiy gaz iqtisod qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda ma’lumot berildi.
Unda so‘z olgan mas’ullar amaldagi joriy quvvatlarni eng zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangi samarador energiya quvvatlarni ishga tushirish “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ oldida turgan ustuvor vazifasi ekaniga e’tibor qaratib, bunda jamiyat tomonidan tashqi iqtisodiy resurslarni jalb etish, xalqaro moliya institutlari bilan samarali hamkorlik qilish va korxonalar investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
[gallery-7816]
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedovning ta’kidlashicha, 2016 yilgacha yangi joriy etilgan zamonaviy uskunalarning umumiy quvvati sohada 505 MVt (jami ishlab chiqarish quvvatlarining 5,45 foiz)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2016-2021 yillarda amalga oshirilgan investitsiya loyihalari natijasida qo‘shimcha 5804 MVt yangi va modernizatsiya qilingan quvvatlar ishga tushirilgan. Natijada energiya tejamkor, eng zamonaviy-energiya samarador uskunalarning umumiy quvvati 6 309 MVtga yetgan. Issiqlik elektr stansiyalarining umumiy quvvati esa 58,8 foizni tashkil qilmoqda.
– O‘tgan besh yil mobaynida Tolimarjon, Angren, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh stansiyalarida yangi zamonaviy energobloklar qurilgan bo‘lsa, Sirdaryoda 3 bosqichli modernizatsiya jarayoni yakuniga yetkazildi. Vodiy aholisi farovonligini ta’minlash maqsadida To‘raqo‘rg‘on stansiyasi bunyod etildi, Farg‘ona issiqlik elektr markazida zamonaviy gaz-turbina uskunalari ishga tushirildi. Investitsiya jarayonlarini davomiyligini ta’minlash, tizimda yuqori energiya samarador qurilmalar ulushini 80 foizga ko‘tarish maqsadida 2022-2026 yillar davomida umumiy qiymati 1 milliard 935 million dollarga teng bo‘lgan 4 ta loyihani amalga oshirish belgilangan. Ularning hisobiga qo‘shimcha 2 264 MVt yangi energiya samarador qurilmalar ishga tushadi va 720 ta yangi ish o‘rni yaratiladi hamda 2,6 milliard metr kub tabiiy gaz iqtisodiga erishish kutilmoqda, – dedi M. Bekmuhammedov.
Tadbirda ishtirokchilarga investitsiya loyihalarini amalga oshirishi, moliyalashtirish va amaliyotga tatbiq etilayotgan ishlar xususida ham batafsil ma’lumot berildi.
– Ayni paytda investitsiya dasturiga asosan “Toshkent IEM” AJda har birining quvvati 32 MVt ga teng bo‘lgan yangi 2 ta gaz-turbina qurilmasini qurish ishlari boshlangan, – dedi jamiyatning texnik boshqarma boshlig‘i Oybek Zohidov. – “Tolimarjon IES” AJda umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan navbatdagi 2 ta bug‘-gaz qurilmalari, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida uchinchi va to‘rtinchi bug‘-gaz qurilmalarini qurish loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Energiya samaradorlikka erishish, sohani yanada rivojlantirish maqsadida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizim korxonalarida energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. bugungi kunda issiqlik elektr stansiyalarda 34 ta chastota o‘zgartirgich qurilmalar, 50 ta kichik quvvatdagi quyosh foto elektr stansiyalari, 42 ta quyosh suv isitgichlari, 246 ta quyosh panelli yoritish chiroqlari va 914 ta sensorli yoritish datchiklari o‘rnatildi.
Nasiba ZIYODULLAEVA O‘zA muxbiri