Poytaxtimizdagi O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi milliy hunarmandchilik namunalari va amaliy san’at buyumlari namoyish etilgan ma’naviyat maskanidir. U nafaqat respublika bo‘yicha, balki xorijiy davlatlarda ham o‘z maqomiga ega o‘ziga xos madaniy markaz hisoblanadi.
Muzey 1937 yilda mahalliy hunarmandchilikning vaqtinchalik ko‘rgazmasi tarkibida o‘z faoliyatini boshlagan. Muzeyning asosiy faoliyati yurtimizning madaniyat va san’at turlarini, hunarmandchiligini keng jamoatchilikka tanishtirishdan iborat.
— O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi uzoq yillik tarixga ega, — deydi muzey matbuot kotibi Nodirabegim Sobirova. — Muzeyning asosiy binosi, ya’ni mehmonxona zali O‘zbekistonning madaniy merosi ob’ekti sifatida me’moriy obida hisoblanadi. Tashrif buyuradigan mehmonlar markaziy mehmonxona zaliga katta qiziqish bildiradilar. Ushbu zal 1870 yilda bunyod etilgan. 1896-1904 yillarda maxsus topshiriqlar bo‘yicha yurtimizga kelgan elchi Aleksandr Polovsev tomonidan sotib olingan va ana shu yillar davomida respublikamizning turli hududlaridan taklif etilgan 100 ga yaqin usta-hunarmandlar tomonidan ta’mirlangan.
1937 yilda binoning hovlisida mahalliy hunarmandchilikning vaqtinchalik ko‘rgazmasi tashkil etilgan. 1939 yilda O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik O‘zbekiston amaliy san’atining doimiy ko‘rgazmasi sifatida faoliyat yuritgan. 1970 yillarda restavratsiya qilinib, asosiy binoning ikki yoniga qo‘shimcha binolar barpo etilgan. Shundan so‘ng kolleksiyalarni namoyish etish imkoniyati kengaygan. 1997 yilda “davlat muzeyi” maqomiga ega bo‘lib, 2017 yilda esa “O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi” nomini olgan.
Muzeyda hozirgi kunda 10 mingga yaqin eksponatlar — hunarmandlarimizning eng sara asarlari, qo‘l mehnatlari namunalari mavjud. Ularning mingga yaqini 11 ta ekspozitsiya zallarida namoyish etilgan.
Darhaqiqat, muzey kolleksiyalarini uch guruhga bo‘lish mumkin: qadimgi an’analar asosida yaratilgan amaliy san’at buyumlari; xalq ustalarining an’anaviy uslublarini inobatga olib XX asr ikkinchi yarmidan boshlab yaratilgan amaliy san’at buyumlari; zamonaviy o‘zbek san’at asarlarini yaratish uchun foydalaniladigan zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish asosida yaratilgan amaliy san’atning nodir buyumlari.
— Muzeyimizda qo‘l va mashina kashtachiligi, zargarlik buyumlari, eng qadimiy hunarmandchilik turi bo‘lgan kulolchilik, gilamdo‘zlik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshligi hamda chitgarlik, miskarlik va chinni buyumlari namoyish etilgan. 20 ga yaqin kolleksiyalar muzeyimiz zallarida namoyish etilgan.
Ushbu kolleksiyalarning boyitib borilishida hunarmandlarimizning o‘rni muhim. Ular muzeyimizda o‘z ko‘rgazmalari, mahorat darslarini o‘tkazib turishadi. O‘zlarining noyob ashyolarini, qo‘l mehnati bilan yaratgan buyumlarini hadya etishadi. Muzeydan o‘rin olgan eksponatlar turli viloyatlardan olib kelingan. Masalan, kashtachilik zalimizga kiradigan bo‘lsak, u yerda turli viloyatlardan keltirilgan kashtachilik maktablarining namunalari o‘rin olganini ko‘rishimiz mumkin, — deydi muzey xodimi.
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida turli madaniy tadbirlar, amaliy san’at ko‘rgazmalari, ijodiy kechalar, va mahorat darslari o‘tkazib turiladi. Biz muzeyga borgan kunimiz braziliyalik zargarlik buyumlari dizayneri Fabiana Bezerra muzeyga tashrif buyurgan ekan. Dizayner o‘z shaxsiy ko‘rgazmasini namoyish qilib, yurtimiz yoshlari va zargarlariga mahorat darsi o‘tayotgan ekan.
O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurgan har bir tomoshabin yurtimizning milliy hunarmandchiligi namunalaridan, amaliy san’at turlaridan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘ladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/JL5_SNlRHpE?si=BjL0pAuz1JZ0OBi0" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Doniyor Yoqubov (video), O‘zA