Qarshi davlat universitetida amaliy matematika kafedrasi tomonidan “Amaliy matematikaning zamonaviy muammolari va istiqbollari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Unda xorijlik yetakchi olimlar, yurtimiz oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlarining professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Yalpi majlisda Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi hisoblash matematikasi va matematik geofizika instituti laboratoriyasi mudiri, professor X.Imomnazarov, O‘zbekiston Milliy universiteti professorlari R.Aloyev, N.Ignatev, Toshkent davlat transport universiteti professori X.Shadimetov o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. So‘ngra konferensiya shu’balarga bo‘lingan holda olib borildi.

Konferensiyaning ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori A.Yuldashev, O‘zbekiston Milliy universiteti professori M.Hakimov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti professori U.Jamilovning ma’ruzalari tinglandi. Yakunda tajribalar almashinib, mavzu doirasida zarur xulosalar shakllantirildi.

Tashkil etilgan ushbu anjumanda respublikaning 50 nafarga yaqin matematika sohasining yetakchi mutaxassisi, xususan, Rossiyaning 3 nafar yirik olimi, shuningdek, doktorantlar hamda talabalar qatnashdi.


– Anjumanni o‘tkazishdan asosiy maqsad amaliy matematika, sun’iy intellekt borasidagi so‘nggi yangiliklarni yoshlarga yetkazish va sohaning yetakchi mutaxassislarini tayyorlash, raqamlashtirish, IT sohalarini rivojlantirishdan iborat, – deydi amaliy matematika kafedrasi mudiri Oybek Jabborov. – Ta’kidlash joiz, muhokama etilgan muammolar bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar va ularning yechimlari bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri