Amaldorlar amaldagi qonunga amal qilishadimi?
1989 yil. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinish arafasida bahs-munozara avjiga chiqqan.
1989 yil. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinish arafasida bahs-munozara avjiga chiqqan.
Eng asosiy mavzu ushbu qonun talablariga rioya qilish muddati haqida. Qonun loyihasida bu muddat o‘n yil deb belgilangan bo‘lsa, deputatlar muhokamasidan keyin sakkiz yilga o‘zgartirilgan edi o‘shanda. Keyinchalik, 1995 yil 21 dekabrdagi o‘zgartirishlarda bu muddat ko‘rsatilmagandi.
Qarangki, bugun o‘sha kunga sakkiz yil ham emas, o‘n yil ham emas, o‘ttiz yil to‘libdi. Shu davr ichida ona tilimizga bo‘lgan munosabat qanchalik yaxshi tomonga o‘zgarganligini o‘ylasak, yurtimizdagi mustaqillik tuyg‘usi xalqimiz ruhiyatini ko‘targanligi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Mustabid zamonda aytadigan gapimizni rus tilida ifodalay olmay qanchalik qiynalganimiz hamon yodimizda. Istiqlol arafasida tilimizga davlat maqomi berilganida chin ma’noda erkinlik gashtini yurakdan his qildik.
Qonunning 2-moddasida “O‘zbek tili o‘zbek xalqining ma’naviy mulkidir” deya mustahkamlab qo‘yilishi keng jamoatchilikning g‘ururiga g‘urur qo‘shdi.
Axir o‘zbek kalomi hayotimizga, turmush tarzimizga shu qadar singib ketganki, uni boshqa tilga tarjima qilib tushuntirib bo‘lmaydi. “Hormang”, “Bor bo‘ling”, “Xirmoningizga baraka”, “Umringizga baraka”, “Qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin” kabi o‘zbekona lutflarda xalqimizning asriy tajribasi, ko‘ngli pokligi, haqiqiy donishmandligi ifodasini topgan.
Birgina Toshkent metrosini olaylik. Qaysi bekatga kelganimiz, oldinda qanday bekat bizga peshvoz chiqishi davlat tilida e’lon qilinadi. Shunisi diqqatga sazovorki, metroga tushgan har qanday millat vakili o‘zbek tilidagi kalomni oson tushunadi.
Biror manzilni aniqlash uchun ma’lumotlar byurosiga qo‘ng‘iroq qilsak, sof o‘zbek tilida javob olamiz. Bir vaqtlar nuqul o‘zga tilda gapirishga majbur bo‘lgan “tez yordam”ni chaqirish ham sodda o‘zbeklarga katta muammo edi.
Shu yil bahorda “Turkiston” saroyida “Oltin qalam” Milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlash marosimida BMT va YeXHT kabi xalqaro tashkilotlarning vakillari, hijjalab bo‘lsa-da, o‘zbek tilida chiqish qilishdi. ¬Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi bo‘lgan xonim Alisher Navoiyning “Olam ahli bilingizkim...” satrlarini yoddan aytdi. Zaldagilar ularni qizg‘in olqishlashdi. Sabab? Chunki bu diplomatlar o‘zbekcha nutq irod qilish orqali O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga samimiy hurmat ko‘rsatishdi. Yetti yot begona millat vakillarining bunday hafsalasi, o‘zimizda tug‘ilib, umr bo‘yi shu yerda yashab, mahalliy millat tilini o‘rganmagan yurtdoshlarimizning tutumi bizni ajablantiradi. Axir O‘zbekistonning nonini yeb, shu yurt fuqarosi hisoblanib, tilini o‘rganmagan insonlar haqida nima deyish mumkin?!
Yana bir muammo. Oliy ma’lumotli, hatto nomzodlik, balki doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan ziyolilarning ba’zilari o‘z ona tilida to‘rt qator matnni yozolmaydilar. Otasi o‘zbek, onasi o‘zbek, o‘zi ham o‘zbek, lekin ruscha savod chiqargan. Yaqinda shunday olimlardan biri rus tilida yozgan maqolasini olib keldi. Ushbu matnni, yaxshisi, o‘zingiz o‘zbekchalashtirib bering, desak, “Ana shunga no‘noqmiz-da”, degan javobi bizni o‘yga toldirdi. Qiziq, biz tilga olgan Qonun bunday ziyolilarga taalluqli emasmi?!
Ba’zan boshqaruv idoralarida mas’ul lavozimda ishlayotgan xodimlar ham o‘z tilida yozishlari qiyinligini aytishadi. Ayrim hujjatlarga nazar tashlasangiz, u avval rus tilida yozilgani, so‘ng davlat tiliga tarjima qilingani ko‘rinib turadi.
Biz o‘z tilini unutgan amaldorlarga o‘ttiz yil oldin qabul qilingan Qonunning 4-moddasidan quyidagi parchani aynan keltiramiz: “O‘zbekiston Respublikasida ishlovchi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari o‘z xizmat vazifasini bajarish uchun respublika davlat tilini yetarli darajada bilishlari shart. O‘z faoliyatiga ko‘ra aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq shaxslar xizmat vazifasini bajarish uchun ¬davlat tilini zarur bo‘lgan darajada bilishlari lozim”.
Qonun ishlashi uchun nima qilish kerak? Yuqoridagi moddani idoralar peshtoqiga yozib qo‘yish kerakmi?
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan keyin 27 yil o‘tib, yana bir tarixiy voqea ro‘y berdi: 2016 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etildi. O‘zbek tili va adabiyotining
haqiqiy tabiatini o‘rganish, unga rivojlanish yo‘lini ochish bilan mashg‘ul oliy o‘quv yurtini Navoiydan boshqa yana kimning nomi bilan atash mumkin?! Sho‘ro davrida shu sohaga ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot institutini rus mumtoz shoiri nomi bilan ataganimiz yodimizdan ko‘tarilgani yo‘q. Yangi ochilgan universitet talabalari “Men Alisher Navoiy bobomiz nomi bilan atalgan o‘quv yurtida o‘qiyman”, deganda qanchalar yoqimli jaranglaydi bu so‘zlar.
Tilimiz sofligini saqlash unga to‘g‘ri kelgan-kelmagan so‘zlarni tiqishtirishga yo‘l qo‘ymaslikni anglatadi. Lekin ayrim ijodkorlar o‘ziga xos yo‘l tutish, ba’zan jahon mezonlariga bo‘ylashish deb hisoblab, o‘zbekcha so‘z yoniga inglizcha yoki boshqa tilga mansub so‘zlarni sun’iy yopishtirishga harakat qilishmoqda.
“Zoʻr” TV telekanalida “Bojalar-komyuniti” degan ko‘ngilochar ko‘rsatuvni eslaysizmi? Bu atamaning ikkinchi qismi nima ma’no anglatishini ko‘pchilik bilmasa kerak. “Yoshlar” telekanalidagi “KameRadar”, “Start up club” ko‘rsatuvlarini o‘z tilimizda nomlasa bo‘lmaydimi? “Toshkent” telekanali dasturi bilan tanishsangiz “Toshkent live”, “Highway”, “MFaktor praktikum”, “Hi-Tech” (o‘zbekchada “Yuksak texnologiyalar” deyish mumkin), “Travel time” (shu ko‘rsatuvdan biri yurtimizdagi muqaddas qadamjolarga bag‘ishlandi, qiziqarli, albatta. Lekin nega shunday nomlangan?) kabi jumboqlarga duch kelasiz. “Sport” telekanalida “Battle time”, “Runner”, “Revyu” kabi ko‘rsatuvlar nimani anglatishini topolmasligingiz mumkin. Axir bu ko‘rsatuvlar o‘zbek tomoshabinlariga mo‘ljallangan-ku? Shuningdek, “Oilaviy” kanalda “Like”, “Milliy” TV kanalida “MTV showkids”, “TV-Sale”, “M-news”, “Voydod karaoke”, “Qoʻzgʻolonshou” kabi ko‘rsatuvlar nomini o‘z tilimizdagi jozibali so‘zlar bilan nomlashning iloji yo‘qmikan? Axir yoshlarimiz hayotdagi axborotni ham, ma’naviy boylikni ham, asosan, televidenie orqali olishadi-ku?! Bunday sun’iy nomlar nafaqat tilimizni, dilimizni ham buzadi.
O‘zbek tilining nafosatini Alisher Navoiy bobomizdan tortib asrlar mobaynida mumtoz yozuvchi va shoirlarimiz o‘z ijodlari orqali namoyon etib kelishgan. Ajdodlarimiz yaratgan boy merosni zo‘r ishtiyoq va hafsala bilan o‘rganishimiz kerak. Buning uchun Vatanimizda davlat maqomi berilgan o‘zbek tilini e’zozlashimiz, qalblarimizga singdirishimiz kerak. Bu chin vatanparvarlikning yana bir namunasi hisoblanadi.
Shuhrat JABBOROV
Manba: www. xs.uz