Aloqa tarmoqlarini rivojlantirish yo‘lida
Toshkentda yangi avlod aloqa tarmoqlarini testdan o‘tkazish va monitoring qilishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda yangi avlod aloqa tarmoqlarini testdan o‘tkazish va monitoring qilishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari, mobil operatorlar, mamlakatimiz va xorijning komputer, telekommunikatsiya tarmoqlari uchun dasturiy ta’minot vositalari hamda uskunalari ishlab chiquvchilari ishtirok etdi.
Aloqa tarmoqlarini optimallashtirish va telekommunikatsiya xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 21-martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida davlat va jamiyat qurilishi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hamda qo‘llash uchun sharoitlar yaratildi. Mavjud komputer, telekommunikatsiya, simli va simsiz tarmoqlar kengaytirildi, yangilari tashkil qilindi.
Seminarda tarmoq texnologiyalarini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari muhokama qilindi. Xususan, transport tarmoqlarining o‘tkazuvchanligini oshirish imkoniyatlari va talablari, mobil operatorlarining tayanch transport tarmoqlarini testdan o‘tkazish hamda monitoring qilish tartibi o‘rganildi.
Optik tolali aloqa tarmoqlarini ta’mirlash va o‘rnatishni belgilaydigan yangi «Clean Before Connect» konsepsiyasi taqdimoti ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Tadbir qatnashchilari uchun tegishli mahorat sabog‘i o‘tkazildi.
Seminar doirasida aloqa tarmoqlarining unumdorligi va o‘tkazuvchanligini oshirish, testdan o‘tkazish va tahlil qilishga mo‘ljallangan zamonaviy o‘lchov asboblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
– Foydalanuvchilarga sifatli aloqa xizmatlari taqdim etish har bir operatorning asosiy vazifasidir, – deydi «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi UZMOBILE filialining rivojlantirish bo‘limi yetakchi mutaxassisi Sa’dulla Yusupov. – Shu maqsadda kompaniyamiz tomonidan aloqa sifatini oshirish imkonini beradigan zamonaviy o‘lchov asboblari faol tatbiq etilmoqda.
Mamlakatimizda aloqa tarmoqlarini testdan o‘tkazish va monitoring qilishga mo‘ljallangan zamonaviy o‘lchov asboblarini yanada joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.