AOKAda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Buxoriyning “Xalqu af’olil ibod” (Bandalarning amallarini Alloh yaratishi) asari ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilingani yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati rahbari Sherzod Mamatov ushbu tadqiqot yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan muhaddislar sultoni – Imom Buxoriyning islom olamida mashhur bo‘lgan “Xalqu af’olil ibod” (“Bandalarning amallarini Alloh yaratishi”) asari yurtimiz tarixida birinchi bor o‘zbek tiliga o‘girildi.
Asar tarjimasi va sharhini tayyorlash bo‘yicha ikki yil davomida chuqur ilmiy izlanishlar olib borildi. Ushbu kitob Imom Buxoriy davrida islom ta’limotini buzib talqin qilgan bid’atchi oqimlarning da’volariga qarshi yozilgan qat’iy ilmiy raddiyalardan iboratdir.
Misol uchun, Qadariylar bandalarning amallarini Alloh taolo emas, balki ularning o‘zlari yaratadi, degan noto‘g‘ri e’tiqodni ilgari surgan. Imom Buxoriy va boshqa ulamolar musulmonlarni bunday xato tushunchadan himoya qilish maqsadida ularga ilmiy raddiyalar bergan. Asarning nomi ham shundan kelib chiqqan.
Muallif “Xalqu af’olil ibod” kitobini umri oxirlab qolganda – 870 yilda yozgan. Unda Qur’on oyatlari, hadisi shariflar va ulamolarning so‘zlaridan mazkur masala (bandalarning amallarini Alloh yaratishi) bo‘yicha aniq dalillar keltirilgan.
Kitobga jami 628 hadis kiritilgan. O‘quvchiga oson va tushunarli bo‘lishi uchun tarjima chog‘ida 257 ta izoh va sharh, 248 ta anglatma yozildi. Asar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Islom sivilizatsiyasi markazining yetakchi mutaxassislari tomonidan tahrir qilindi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada davlat dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazildi.
Kitobni Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlardagi nufuzli kutubxona va fondlarga taqdim etish, mamlakatimiz va xorijning ilmiy-diniy jamoatchiligi orasida keng targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda.
“Xalqu af’olil ibod” buyuk ajdodlarimiz asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish uchun “Vaqf” fondiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan nashr etiladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan shu vaqtga qadar allomaning “Sahihul Buxoriy”, “At-Tarixus sag‘ir”, “Birrul volidayn” kabi asarlari o‘zbek tiliga o‘girildi. Muhaddislar sultonining qolgan asarlarini ham tarjima qilish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Allomalar ilmiy merosini tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi yuzasidan islom ma’rifati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, xalqimizga yetkazish va xalqaro ilmiy doiralarda keng targ‘ib qilish bo‘yicha ishlar tizimli tarzda davom ettirilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA