Alkogol va tamaki sohasida tadbirkorlarga huquqiy ko‘mak va targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi boshlig‘i B.Sheraliyev tomonidan tadbirkorlarga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatish, sohada yashirin iqtisodiyotni oldini olish borasida targ‘ibot tadbirlari hamda sayyor uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Toshkent shahrida joylashgan alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Uzbekistan Premium” MCHJ shaklidagi korxonada o‘tkazilgan uchrashuvda ham asosiy e’tibor litsenziya talab va shartlariga ko‘ra, ishlab chiqarish quvvatlarini bajarilishi, sohada zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishning samaradorligi hamda eksport hajmini oshirishga qaratildi.

Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilda alkogoldan 2,5 trln va tamakidan 3,1 trln jami 5,6 trln so‘m aksiz solig‘i to‘lanib, avvalgi yilga nisbatan byudjetga 6 foizga yoki 305 mlrd so‘mga ko‘p aksiz solig‘i undirilishi ta’minlandi.
Joriy yilning yanvar-may oylarida aksiz solig‘idan tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga ko‘p undirildi.
Tamaki mahsulotlarining xufyona aylanmasi 2024-yilda 19,6 foizdan 11,1 foizga tushurilgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra 7 foizga qadar qisqarishiga erishildi.

Inspeksiya tomonidan korxonalarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar jarayonida ishlab chiqarish faoliyati, texnik va texnologik talablarning ijrosi, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilish holatlari hamda ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar yaqindan o‘rganildi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi to‘g‘risida axborot beruvchi elektron hisoblagichlar belgilangan tartibda muhrlanmoqda. Shuningdek, korxonalardagi videokuzatuv kamelarining “ISAT" axborot tizimiga integratsiya qilingani noqonuniy harakatlarni oldini olishda muhim rol o‘ynamoqda.
Bu esa, tadbirkorlarga huquqiy yordam ko‘rsatish bilan birga, yashirin iqtisodiy faoliyatni oldini olish, biznesda daromadlarning o‘sishi, jarayonlarni optimallashtirish va harajatlarni kamaytirish, ta’minot zanjiri bo‘ylab mahsulotlarning harakatlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga kirishga imkon yaratadi. Mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot tadbirlari barcha hududlarda davom ettirilmoqda.
O‘zA