Alkogol mahsulotlari sifati nazoratda: Respublika degustatsiya komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida Respublika degustatsiya komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-dekabrdagi 1039-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilgan tadbirda asosiy e’tibor ishlab chiqarilayotgan etil spirti va alkogol mahsulotlarining organoleptik xususiyatlarini aniqlash hamda ularning sifat kafolatini ta’minlashga qaratildi.
Komissiya a’zolari 200 ga yaqin mahsulot namunalarini, jumladan, qaytadan ishlab chiqarishga qo‘yilgan va tarkibi o‘zgartirilgan alkogol ichimliklarini organoleptik usulda baholadi. Mutaxassislar inson sezgi a’zolari – ko‘rish, hid bilish, ta’m sezish va ushlab ko‘rish orqali mahsulotlarning rangi, ta’mi va hidi singari muhim ko‘rsatkichlarini ekspert bahosidan o‘tkazdi.

Yig‘ilish davomida faqatgina tayyor mahsulotlarni baholash emas, balki sohani tartibga solishga qaratilgan strategik masalalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, etil spirti va alkogol mahsulotlari yuzasidan iste’molchilar hamda nazorat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan bahsli holatlarni xolisona hal etish, mahsulotlarni degustatsiya qilish bo‘yicha yagona milliy amaliyotni shakllantirish hamda ishlab chiqaruvchi korxonalarning degustatsiya guruhlariga uslubiy ko‘mak ko‘rsatish kabi vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda ekspertlarni xalqaro va mintaqaviy mahsulot tanlovlariga jalb qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarida degustatsiya natijalaridan foydalanish va ishlab chiqarishdagi texnologik jarayonlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbir yakunida degustatsiyaga taqdim etilgan tajribaviy va yangi turdagi alkogol mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, ularning ishlab chiqarishga yaroqliligi bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Ushbu chora-tadbirlar bozordagi mahsulotlarning xavfsizligini ta’minlash va sifat darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA