Alkogol mahsulotlar savdodan olib qoʻyildi
Buxoroda alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan noqonuniy shugʻullanayotganlar faoliyatiga chek qoʻyilmoqda.
Buxoroda alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan noqonuniy shugʻullanayotganlar faoliyatiga chek qoʻyilmoqda.
Viloyat markazidagi “Dilkusho” mahalla fuqarolar yigʻini hududida tadbirga chiqqan soliq xodimlari tabiiyki, alkogolli ichimliklar sotilayotgan doʻkonga ham kirishdi. Albatta, tartib-taomilga koʻra, shoxobcha mutasaddisi fuqaro Shamsiddin Shaxobovdan (ism-sharifi oʻzgartirilgan) tegishli hujjatlarni taqdim etish soʻraldi.
Afsuski, u bunday hujjatlarni koʻrsata olmadi. Bunday holatda izohga hojat yoʻq. Xullas, alkogol mahsulotlari savdosi noqonuniy boʻlib chiqdi.
Savdoga qoʻyilgan spirtli ichimliklar esa oz emas. Tadbir davomida doʻkonda umumiy qiymati 16 million 400 ming soʻmlik boʻlgan jami 98 turdagi 873 dona alkogol mahsulotlari borligi aniqlanib, xolis guvohlar ishtirokida vaqtincha saqlash uchun rasmiylashtirilib olindi.
Ana shunday noqonuniy holat Buxoro tumani Hasan Attor qishlogʻidagi savdo doʻkonida ham qayd etildi. Profilaktik tadbir jarayonida fuqaro Jamoliddin Hasanboyev (ism-sharifi oʻzgartirilgan) tomonidan savdoga qoʻyilgan 3 turdagi 53 dona, umumiy qiymati 1 million 55 ming soʻmlik alkogol mahsulotlariga hech qanday hujjat yoʻq ekan. Tabiiyki, ular holat toʻla oʻrganilgunga qadar vaqtincha saqlash uchun rasmiylashtirib qoʻyildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, joriy yilning iyul oyida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlarda Buxoro viloyatida spirtli ichimliklar savdosi bilan bogʻliq 16 ta noqonuniy holat aniqlandi. Ularda 213 turdagi jami bahosi 25 million soʻmga yaqin alkogol mahsulotlari savdodan olib qoʻyildi.
– Bu kabi tadbirlar jarayonida tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishi lozimligi ham tushuntirilmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi Bahodir Fayziyev. – Shuningdek, tahlillarga koʻra, joriy yilning oʻtgan davrida tuman va shaharlarda oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida jami 34 ta holatda alkogol va 18 holatda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi. Zarur choralar koʻrish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.