Alisher Navoiy — turkiy dunyoning vijdoni
Anqara shahrida Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida muhim o‘rin tutadi.
Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib o‘rin egalladi.

Keyingi yillarda ulug‘ shoir bobomiz Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, shoir tug‘ilgan sana har yili yurtimizda va chet davlatlarda keng nishonlanib, ulug‘ bobomiz ijodiga hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Hazrat Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Turkiyaning Anqara shahrida ulug‘ shoir va mutafakkir dahosiga ehtirom ko‘rsatilib, uning haykali poyiga gul qo‘yildi.
Tadbirda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibiyati, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, Anqara shahri Kechio‘ren tumani hokimiyati vakillari, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Turkmanistondan navoiyshunos olimlar, taniqli shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.

Marosimda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning asarlari badiiy, falsafiy, ilmiy jihatdan mukammal asarlargina emas, balki xalqlarni birlashtiruvchi, inson ongi va ruhiyatini boyituvchi kuchli ma’naviy meros sifatida ham beqiyos ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning alohida e’tibori bilan Alisher Navoiy ijodiy merosini har tomonlama o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini O‘zbekistonda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida ibratli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan Anqara ijtimoiy fanlar universitetida “Alisher Navoiy va turkiy dunyo” mavzusida ilmiy anjuman o‘tkazildi.

Tadbir Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchixonasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Anjumanni TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Haydarov hamda Anqara ijtimoiy fanlar universiteti rektori, professor Muso Kozim Arijon kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Sulton Rayev o‘z nutqini ishtirokchilarni qutlash bilan boshlar ekan, jumladan, shunday dedi:
“Alisher Navoiyga “g‘azal mulkining sultoni”, deya ta’rif beriladi. Albatta, buning asoslari bor. Buyuk shoir g‘azallari nafaqat son, balki badiiylik mezonlari talabi jihatidan ham ibrat qilib ko‘rsatishga arziydi. Navoiy nafaqat o‘z davrining ijodiy an’analarini o‘zlashtirdi, balki ularni mazmun va saviya jihatidan ham yangi bosqichga olib chiqdi. Ulug‘ mutafakkir qalami bilan g‘azal janri imkoniyatlar cho‘qqisini zabt etdi.
Navoiyni Xitodin to Xurosongacha bo‘lgan barcha xalqlar o‘z shoiri sifatida ulug‘ladi. Shoir esa ularni adabiy til bayrog‘i ostida yakqalam bilan birlashtirdi. Ayni shu xizmati xalqlar o‘rtasida turli aloqalarning mustahkamlanishiga hissa bo‘lib qo‘shildi. Bu TURKSOY tashkiloti faoliyatining maqsad va vazifalari, qarashlariga ham to‘liq mos keladi”.
Ahamiyatli jihati, Sulton Rayev nutqining asosiy qismini o‘zbek tilida qildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o‘z so‘zida Alisher Navoiy nafaqat o‘zbek xalqining, balki barcha turkiy xalqlarning mushtarak merosi ekaniga e’tibor qaratdi. Hazrat Navoiy asarlarida insonni ulug‘laydigan, adolat va hikmatni markazga qo‘yadigan g‘oya mujassamligini qayd etdi.
Navoiy o‘z qalami bilan qurgan ko‘prik asrlar osha bugun ham turkiy dunyoni bir-biriga bog‘lab turganini ifodalar ekan, Sirojiddin Sayyid, jumladan, shunday dedi: “Biz Navoiyni yod etar ekanmiz, aslida o‘z umumiy xotiramizni, umumiy vijdonimiz va umumiy kelajagimizni ham yodga olamiz”.
Shu nuqtai nazardan, Anqarada o‘tkazilgan ushbu anjuman madaniy rishtalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan mazmunli uchrashuv bo‘lganini e’tirof etdi.
O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Haydarov ham o‘z nutqida Alisher Navoiyning asrlar osha yashab kelayotgan ijodi turkiy xalqlar o‘rtasida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlashda katta rol o‘ynashini qayd etgan bo‘lsa, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti rektori, professor Muso Kozim Arijon Navoiy asarlari shunchaki adabiy matnlar emas, balki kuchli siyosiy-axloqiy qarashlar manbai ekaniga urg‘u berib, bunday buyuk shaxsning tavallud ayyomi Anqarada nishonlanishi juda katta ahamiyatga ega ekanini bildirdi.
Shundan so‘ng anjuman ikki sho‘’baga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi. Birinchi sessiyaga professor Bilol Chakiji, ikkinchisiga professor Selchuk Joshkun raislik qildi. O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Turkmanistondan kelgan soha mutaxassislari, olimlar va yozuvchilar Navoiy shaxsiyati, qarashlari va turkiy dunyo tafakkuriga qo‘shgan hissasi haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Xususan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Usmon Azim, filologiya fanlari doktori, professor Nafas Shodmonov, Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Funda Toprak, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi professori, doktor Saodat Shihiyeva, qirg‘izistonlik professor Zidiger Saalayev, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Eshdavlat, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti professori, doktor Veli Savash Yelok va boshqalar Navoiy merosining ahamiyati va turkiy dunyodagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjumanlar xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgani e’tiborga molikdir.
N.Usmonova, O‘zA