Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi oldidan
Navoiyda Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan so‘z mulkining sultoni, o‘zbek adabiy tilining asoschisi Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan haftalik doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan Fond viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Navoiy shahar hokimligi, “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi, Navoiy harbiy prokuraturasi hamkorligida 7532-harbiy qismda askarlar o‘rtasida “Navoiy g‘azallari bilimdoni” tanlovi o‘tkazildi.
Harbiy qismda Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan. Tanlov o‘tkaziladigan ayni "hudud" tadbirga mos badiiy bezatilgan.

Tadbir avvalida xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev, navoiyshunos olim Farrux Yuldoshev, Navoiy harbiy prokuraturasi prokuror yordamchisi, adliya katta maslahatchisi Sherzod O‘ngarov va boshqalar so‘zga chiqib, Mir Alisher Navoiy qoldirgan boy ijodiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy va vatanparvarlik g‘oyalari, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egallagan, – deydi F.Soliyev. – Alisher Navoiy adabiy merosini tizimli va muntazam ravishda o‘rganish, targ‘ib qilish biz uchun ham sharaf, ham burch, deb bilaman.
Askarlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Navoiy g‘azallari bilimdoni” tanlovida 1-o‘rinni harbiy qism askari Abdulaziz Yusupov egalladi.

Shuningdek, Fond viloyat bo‘limi tashabbusi bilan Navoiy davlat pedagogika instituti va “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi hamkorligida “Navoiy merosini birgalikda o‘rganamiz” shiori ostida talaba-yoshlar o‘rtasida insholar tanlovi o‘tkazilgan edi. Yakuniy natijalar e’lon qilindi va g‘olib talaba-yoshlar aniqlandi.
Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabida shahar maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Navoiy dostonlari bilimdoni” bellashuvi tashkil etildi. Tadbirni o‘tkazishdan maqsad Navoiy dostonlarini chuqur o‘rganish, ularda ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, Navoiy asarlari orqali yoshlarda Vatanga muhabbat hissini shakllantirishdan iborat.
Bellashuv 7-8-, 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi. Qizg‘in kechgan bellashuvlar nafaqat, tanlov, balki yosh avlod onggi va qalbida ulug‘ bobolar o‘giti mustahkam joy olishiga xizmat qiladi.
Barcha tanlovlar g‘olib va sovrindorlari “Mahalla” jamoat Fondi viloyat bo‘limi va “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasining diplomi va Alisher Navoiy asarlari to‘plami bilan taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA