Yangi kitob
Davr to‘fonlariga qaramay, 1950-60-yillarda Alisher Navoiy asarlarining turli matnlarini nashr etib o‘quvchilarga yetkazish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar bugungi avlodlar tahsiniga sazovor bo‘lib kelmoqda. Shu o‘rinda Sadriddin Ayniy, Porso Shamsiyev, Hamid Sulaymonov va Suyima G‘aniyeva kabi matnshunoslar nomini eslab o‘tish lozim.
Keyingi yillarda ushbu olimlarning ilmiy merosi ob’ekt qilib olingan bir necha tadqiqotlar amalga oshirildi. Jumladan, Hamid Sulaymonning hayoti va faoliyatiga oid bir necha ilmiy va ommabop ishlar asosini Alisher Navoiy hayoti va ijodi bilan bog‘liq, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
Navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Hamid Sulaymonov 1950 yillardan boshlab Alisher Navoiy devonlari qo‘lyozmasi ustida katta ishlarni amalga oshirdi. Bu ishlar samarasi o‘laroq 1958 yili Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy”sini tashkil etuvchi to‘rt devon – “G‘aroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoyi’ ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar”larning ilmiy-tanqidiy nashri birinchi marta asliyat va joriy yozuvda amalga oshirildi. 1961 yili olim butun dunyodan eng nodir nusxalari olib kelingan qo‘lyozmalar tadqiqi asosida “Alisher Navoiy lirikasi matnshunoslik tadqiqi” nomli doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Afsuski, ushbu dissertatsiya o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan va rus tilidagi variant asosida ham kitob holida chop etilmagan. Shunga qaramay, 70 yil avval Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” ilmiy-tanqidiy matnining tayyorlanishi o‘sha davr uchun juda katta natija bo‘lgan.
Tan olish kerakki, Hamid Sulaymonov tayyorlagan mazkur matn o‘sha davrdan to hozirgacha Navoiy she’riyatining turli nashrlari uchun asos bo‘lib kelmoqda. Uning Navoiy lirikasi tarixiga doir ishlari ustida dissertatsiyalar yozilib, himoya qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat Adabiyot muzeyi tomonidan “Professor Hamid Sulaymon nomidagi yosh matnshunoslarning ilmiy-amaliy respublika konferensiyasi”ning o‘tkazib kelinayotgani ham kelajakda sohani davom ettirishi mumkin bo‘lgan mutaxassislarning yetishib kelayotganini anglatadi.
Aslida Alisher Navoiy merosini manbashunoslik nuqtai nazaridan o‘rganishga bobomiz tavalludining 500 yilligi arafasida jiddiy kirishildi. Keyinchalik yillar mobaynida asarlarining ilmiy-tanqidiy, yig‘ma va faksimile matnlari, ularning nashrlari yuzaga kela boshladi.
Jumladan, “Mahbub ul-qulub” (Andrey Kononov), “Xamsa” dostonlari (Sadriddin Ayniy, Porso Shamsiyev), “Xazoyin ul-maoniy” (Hamid Sulaymonov, Lyudmila Dmitriyeva, Olim Davlatov), “Ilk devon” (H.Sulaymonov), “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” (A.Erkinov, Rustam Jabborov), “Badoye’ ul-bidoya” (Sharofiddin Sharipov), “Navodir un-nihoya” (Maryam Rahmatullayeva), “Mezon ul-avzon” (Izzat Sulton), “Layli va Majnun” (G‘ulom Karimov), “Majolis un-nafois” (Suyima G‘aniyeva), “Lison ut-tayr” (Sharafiddin Eshonxo‘jayev, Manzar Abdulxayrov), “Saddi Iskandariy” (Porso Shamsiyev, Mavjuda Hamidova), “Mufradot (Risolai muammo)” (Lutfulla Zohidov), “Nasoyim ul-muhabbat” (Homidxon Islomov) va boshqa asarlarning ilmiy-tanqidiy, yig‘ma matnlari va nashrlari, faksimilesi yaratildi.
Hamid Sulaymonov va Porso Shamsiyev kabi olimlar boshlab bergan Navoiy asarlari matnshunosligi yo‘nalishida Navoiy devonlari qo‘lyozma nusxalarining xorijiy fondlardan topilishi yoki tadqiq etilishi Navoiy lirik merosining yangi qirralarini ochdi.
O‘z o‘rnida aytish lozimki, Hamid Sulaymonovning ilmiy faoliyati bo‘yicha ba’zi tadqiqotlar mavjud ekaniga qaramay, olimning matnshunoslik bo‘yicha bir qator nashrlaridan hozirgi yosh avlod – tadqiqotchi va kitobxonlar yetarlicha xabardor emas. Sababi, bu nashrlarning katta qismi ancha avval – 1960-1970-yillarda chop etilgan. Shularni hisobga olgan holda, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Alisher Navoiy lirikasi Hamid Sulaymon tadqiqotlarida” nomli to‘plam nashrga tayyorlanib, chop etildi.
To‘plamning salmoqli qismini professor Hamid Sulaymonning olib borgan bir qator tadqiqotlari, jumladan, dissertatsiyasi, avtoreferati tashkil etadi. Shuningdek, yaqinlari va zamondoshlari tomonidan olim shaxsiyati va faoliyatiga doir bir qator xotiralarni ham o‘qish mumkin.
Bundan tashqari, olimga zamondosh va izdosh bo‘lganlarning mazkur yo‘nalishda yozgan tadqiqotlari ilovalar tarzida taqdim etilgan. To‘plamdan o‘rin olgan barcha maqolalar bundan avval boshqa turli ilmiy nashrlarda chop etilgan.
Ularni mazkur kitob holida qayta nashr etishdan maqsad – sohaga doir tadqiqotlarni bir o‘ringa jamlash, tadqiqotchi va kitobxonlarga yetib borishini qulaylashtirishdan iboratdir.
Qolaversa, navoiyshunoslikning matnshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishi XX asrdayoq katta yutuqlarga erishgani, bunda professor Hamid Sulaymonning xizmatlari yotganini kelajak avlod ko‘z o‘ngida gavdalantirishdir.
Aftondil ERKINOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori,
filologiya fanlari doktori.
O‘zA