Alisher Navoiy ijodiy merosi xalqaro muloqot markazida
Hindiston poytaxtidagi Javoharla’l Neru universitetining Fors va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazida Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Andijon davlat pedagogika instituti, Andijon davlat chet tillari instituti, Qozog‘istonning Jumabek Tashenov nomidagi universiteti, “Suz.in” xalqaro ilmiy-ommabop jurnali, Javoharla’l Neru universiteti hamda Dehli ko‘nikmalar va tadbirkorlik universiteti tomonidan tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan olimlar, tadqiqotchilar hamda madaniyat vakillari ishtirok etdi.

Yig‘inda so‘zga chiqqanlar buyuk mutafakkirning asarlari xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini qayd etishdi. Navoiy ijodidagi insonparvarlik, adolat va ma’rifat g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani ta’kidlandi.
Shuningdek, forum dasturidan “Alisher Navoiy ilmiy va ijodiy merosining jahon sivilizatsiyasida o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy maqolalar tanlovi natijalarini e’lon qilish va “Suz.in” jurnali taqdimoti ham o‘rin oldi. Tanlovning Alisher Navoiy ijodining zamonaviy tadqiqotlari va ta’limdagi o‘rniga bag‘ishlangan yo‘nalishida Dilrabo Uralova, ijodning madaniy ta’siri yo‘nalishida Mavluda Azimova, madaniy meros va zamonaviy fanlar integratsiyasi yo‘nalishida Rustam Pardaboyev, asarlar tarjimasi va talqini yo‘nalishida Binafsha Bozorova, asarlarning tarbiyaviy ahamiyati yo‘nalishida Iroda Ahmadova sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Konferensiya yorqin adabiy-madaniy dastur bilan davom etib, Alisher Navoiy g‘azallari va ruboiylari yangradi, o‘zbek xalq qo‘shiqlari va raqslari ijro etildi.
Tashkilotchilarning qayd etishicha, ushbu tadbir ikki mamlakat akademik muassasalari o‘rtasidagi ilmiy-ta’lim aloqalarini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, qo‘shma tadqiqot loyihalari, tajriba almashish va navoiyshunoslikni global miqyosda yanada keng targ‘ib qilish uchun yangi istiqbollar ochadi.
D.Hakimov, O‘zA