Nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun Xurosonda o‘zining ilmi, nutq madaniyati va notiqlik san’ati bilan bir qatorda hadislarga ham e’tibor qaratgan buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi, g‘azal mulkining sultoni Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlarining bu yil 580 yilligi Respublikamizda keng nishonlashini va dunyo miqiyosida e’tirof etilishi hazratning haqiqiy komillikka erishganliklaridan dalolat beradi.
2020 yil 19-oktyabr kuni buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori barchani ruhlantirdi.
Alisher Navoiy ijodi o‘zining betakrorligi bilan ajralib turishini mavlono Lutfiy yuqori baholagan va quyidagi
Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh
matla’li g‘azal haqida «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…» degan edi.
Ulug‘ shoirning «Arba’iyn» asari nashri annotatsiyasida aytilishicha, «Navoiyning «Arba’iyn», «Chil hadis» va «Qirq hadis» deb atalib kelinayotgan asari Abdurahmon Jomiyning shu nomdagi ta’lifining turkiy tarjimasidir. Jomiy solihona hayot uchun zarur, ammo sharhtalab bo‘lgan qirqta hadisi nabaviyni tushunish va yodlash oson bo‘lsin uchun forschaga nazm yo‘li bilan tarjima qilgan va asli bilan birgalikda bir kitobcha holiga keltirgan. Navoiyga bu kitobcha ma’qul bo‘lib, Jomiyning ruxsati bilan uni turkiylashtirgan.
Bu aytilganlardan ma’lum bo‘ladiki, Alisher Navoiy butun ijodida diniy ilmlardan oziqlangani, ularning ko‘pchiligini Qur’oni Karim va Hadislar hikmatiga tayanib, ilhomlanib bitgan va buning yorqin dalili mutafakkirning «Arba’iyn» asaridir.
«Arba’iyn»da xalq orasida mashhur, eng sahih hadislardan 40 tasini saralab olinib, ularning mazmunini ruboiy shaklida bayon etilgan.
Hadis (arab. – xabar, gap, yangilik) — Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) aytgan so‘zlari, qilgan ishlari, iqrorlari to‘g‘risida rivoyat. Hadislar e’tiborga olinishi jihatdan 3 qismga bo‘linadi: 1) sahih (ishonchli); 2) hasan (yaxshi); 3) zaif.
Qur’oni Karimda barcha masalalar umumiy tarzda bayon etilgani uchun oddiy xalqqa tushuntirish, aniqlik kiritish va izohlash maqsadida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) o‘z hadislarini aytganlar.
Navoiy davrida oddiy xalq arab tilini bilmagan, arab tilida yozilgan manbalarni tushunmagani bois, turkiy tilda so‘zlovchi aholi ham hadislarning mazmun-mohiyatini oson tushinishi va yodida saqlab qolishi uchun hadislarni she’rga solganini aytib o‘tadi:
Forsiydonlar aylabon idrok,
Oriy erdi bu naf’din atrok.
Istadim, bu xalq ham bori
Bo‘lmag‘aylar bu naf’dan oriy.
Navoiyning diniy mavzularda yozgan asarlari talaygina va ularning kirish qismi Allohga hamd-sanolar, payg‘ambarlarga salovatlar, aziz-avliyolar ruhiga duolar bilan boshlanishini ko‘rishimiz mumkin.
«Arba’iyn» asarida bugungi turmush tarzimizga oid ko‘plab foydali hadislarni ruboiy tarzida sharhlangan. Masalan:
Hadis: Lo yu’minu ahadukum hatta yahibbu la ahihi ma yuhibbu li nafsihi.
Mo‘min ermastur, ulki iymondin
Ro‘zgorida yuz safo ko‘rgay,
Toki qardoshig‘a ravo ko‘rmas –
Har nekim o‘ziga ravo ko‘rgay.
Ma’nolar tarjimasi: Sizlardan hech biringiz o‘ziga ravo ko‘rgan narsani birodariga ravo ko‘rmaguncha, chin mo‘min bo‘lolmaydi.
bugungi kunda ayrim kimsalarning birodari u yoqda tursin, farzandlar ota-onasidan, ota-onalar o‘z farzandidan kechib, yaxshilik qilish o‘rniga yuz ko‘rmas darajada bo‘layotgani hech kimga sir emas. Vaholanki, qo‘lidan yaxshilik qilish kelmas ekan, hatto tili bilan ham ozor berish musulmon kishiga joiz emas ekanligini quyidagi hadisda keltirilgan:
Hadis: Al-muslimu man salim al-muslimuna min yadihi va lisonihi.
Kim musulmonlig‘ aylasa da’vo
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur.
Tiliyu ilgidin musulmonlar.
Ma’nolar tarjimasi: Qo‘lidan va tilidan musulmonlarga ozor yetmaydigan kishigina haqiqiy musulmondir.
Baxillik va axloqsizlik kabi illatlar ham oramizda uchrab turgani inson ko‘nglini xira qiladi. Baxillik va axloqsizlik bilan haqiqiy komil inson bo‘la olmasligini quyidagi hadisdan ko‘rishimiz mumkin:
Hadis: Xislat a’ni lo yajtami’ani fi mo‘minin al-buxlu va suʼ ul-xulqi.
Mo‘min ersang qilib durringni nisor,
El bila ravshan o‘l nechukkim shamʼ.
Negakim, Tengri hech mo‘minda,
Buxlu badxo‘yluqni qilmadi jamʼ.
Ma’nolar tarjimasi: Mo‘min kishida ikki xislat jamʼ bo‘lmaydi: baxillik va yomon xulqlilik.
Pul uchun, molu-davlat uchun, murg‘ak qalb sohiblarini sotib yuborishgacha qilinayotgan pastkashliklarga inson yuragining chidashi qiyin. Keyingi o‘rinda kelgan ushbu hadisni hazrat juda chiroyli tarzda sharhlaganliklariga guvoh bo‘lamiz.
Hadis: Lu’ina abd ud-dinari va lu’ina abd ul-dirhami.
Rahmat ozodag‘aki ul olmos,
Dahr dinoru dirhamin g‘amg‘a.
Lek la’nat angaki qul bo‘lg‘ay:
Xoh dinoru xoh dirhamg‘a.
Ma’nolar tarjimasi: Dinor va dirhamga qul bo‘lganlarga la’nat bo‘lsin.
Omonatga xiyonat qilmaslik kerakligini barchamiz bilamiz. Hatto eshitgan so‘zingiz ham sizga omonat ekanligidan xabaringiz bormi? Hadisda keltirilishicha hatto biror yig‘inda eshitgan so‘zlaringizni ham o‘rinsiz begona, yoki yig‘inga aloqasi bo‘lmagan kishiga aytish ham xiyonatligi uqtirilgan.
Hadis: Al-majolisu bil-amonati.
Qaysi majlisdakim eshitsang so‘z,
Bilgil ul so‘z sanga amonatdur.
Gar ani o‘zga yerda naql etsang,
Ul amonatg‘a bu xiyonatdur.
Ma’nolar tarjimasi: Majlislarda eshitganing – omonat.
Hadis: Kafa bilmar’i isman an yuhaddisa bikulli ma yasma’u.
Bu yozuq bas kishigakim, eldin
Har na so‘zkim eshitti fosh etti.
Tog‘ eshitganni der, gunohidin
Go‘iyo Tengri oni tosh etti.
Ma’nolar tarjimasi: Eshitgan gaplarini o‘zgalarga aytish – insonning gunohga botishi uchun kifoyadir.
Hayot tashvishlarini deb inson qanday qabih ishlarga qo‘l urmaydi. Urf-odatlarimiz shunaqa, deb hashamatli yig‘inlar qilinadi. Shu bilan birga ta’ma qilish ham odatiy holga aylanib borayotganday. Kimgadir havas qilish o‘rniga, bilib-bilmay hasad qilib qo‘yamiz. Haqiqiy boylik esa kimningdir qo‘lidagiga hasad bilan emas, havas bilan qarashda ekanligini yodimizdan chiqaramiz. Keyingi o‘rinda kelgan hadislar fikrimizga isbot bo‘ladi:
Hadis: Al-g‘inal-ya’su mimma fi aydin-nasi.
Boylig‘ istar esang el ilgidin
Har na ko‘rsang boridin o‘l navmid,
Bul g‘ino, baski, xalqdin kechibon
Tutsang ummid haqdin-o‘q jovid.
Ma’nolar tarjimasi: Haqiqiy boylik – bu odamlar qo‘lidagi narsalardan noumid bo‘lish, tamaʼ qilmaslikdur.
Hadis: Lays al-g‘aniyu an kasrat il arzi innamal-g‘a-niyu nafsi.
Boy emas ulki, mol kasratidin
Ko‘rmagay foqau talab ranjin.
Oni bilkim, xudoy bermish anga
Nafsi ammora tarkini ganjin.
Ma’nolar tarjimasi: Boylik – molu dunyoning ko‘pligi bilan emas, balki nafsning to‘qligi bilan o‘lchanadi.
Ilm olish va uni kimgadir yetkazish qanchalik xayrli, savobli ish ekanligi barchamizga ayon. Ilmda baxillik qilish uni tanazzulga, botqoqqa yetaklovchi ekanligini, noo‘rin, asossiz ishlatilgan so‘z esa, o‘rni kelganda insonni falokatga yetaklashi mumkinligini quyidagi hadislarda ko‘rishimiz mumkin:
Hadis: Al-ilmu la yahillu man’hu.
Ey xiradmand olimeki, sanga
Ilmdin ro‘ziy ayladi sone’.
Kishi o‘rgansa qilmag‘il mahrum,
Yoki nafʼ olsa bo‘lmag‘il mone’.
Ma’nolar tarjimasi: Ilmda baxillik yo‘q.
Hadis: Al-balou muakkalun bin-nutqi.
Dedi ko‘p so‘zlagan xato ko‘p etar,
Ulki derlar ani valiyulloh.
Har balokim yetar-erur so‘zdin,
Buyla hukm ayladi nabiyulloh.
Ma’nolar tarjimasi: Hamma balo – tildandur.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Alisher Navoiyning «Arba’iyn» asarida keltirilgan barcha hadislarning ruboiy shaklidagi ko‘rinishi bugungi kun uchun dolzarb ekanligiga amin bo‘lamiz. Qaysi bir soha bo‘lishidan qat’iy nazar, xoh u ta’lim-tarbiya bo‘lsin, ma’naviy-ma’rifiy soha bo‘lsin, barchasini qamrab ololganligi ayni haqiqat. Shu boisdan, buyuk shoirning ko‘plab badiiy va ilmiy-ma’rifiy asarlari qatorida bu asari ham insoniyatning ma’naviy kamolotiga asrlar davomida xizmat qilishiga shubha yo‘q.
Baxtiyor Xolmuxamedov,
(SamDU)