Alisher Navoiy o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixidagi ulug‘ siymolardan biridir. Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb ulug‘laganlar. “Nizomiddin” - din nizomi deganidir. Ko‘pincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan “mir” - amir demakdir.
Nizomiddin Mir Alisher Navoiy- shoir, mutafakkir, jahon adabiyotining yetuk siymolaridan biri, davlat arbobi, faylasuf.
Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevral kuni Xuroson davlatining poytaxti — hozirgi Afg‘oniston hududidagi Hirot shahrining Bog‘i Davlatxona mavzesida tug‘ildi. Otasi G‘iyosiddin Muhammad - Temuriylar saroyida xizmat qilgan, o‘z davrining nufuzli kishilaridan biri, o‘g‘lining tarbiyasi va ta’limiga jiddiy e’tibor bergan. Onasi (ismi noma’lum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi ekani aytiladi. Navoiyning ota-onasi haqida ma’lumotlar kam, u o‘z asarlarida ham qarindoshlari haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tmagan. Navoiyning Darvesh-ali ismli ukasi bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor.
Bo‘lajak shoirning she’riyatdagi birinchi ustozlari tog‘asi Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali G‘aribiylar bo‘lgan. Navoiy ular haqida “Majolis-un nafois”da, xususan, Qobuliy haqida: “Yaxshi tab’i bor erdi, turkchada mayli ko‘proq erdi…” deya, G‘aribiy haqida esa: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Ko‘proq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xo‘b erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…”deya qisqacha to‘xtalib o‘tgan.
Alisher Navoiy ikki tilda mukammal ijod qilgan. Turkiy tilda “Navoiy”, forsiy tilda esa “Foniy” taxalluslarini qo‘llagan.
Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga bo‘lish mumkin: 1. Devonlari. 2. Dostonlari. 3. Forsiy tildagi she’riy merosi. 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.
Navoiy ijodi nafaqat O‘zbekistonda, balki Yevropa, okeanorti mamlakatlarida ham yuksak qiziqish bilan o‘rganiladi. Shu sabab, adabiyotshunoslik fanidan mustaqil “Navoiyshunoslik” fani vujudga keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Navoiy ijodi u yashab o‘tgan davrdayoq mukammal o‘rganila boshlagan va hamon o‘rganilmoqda. Uning ijodi va hayotiga bag‘ishlab butun dunyoda minglab ilmiy ishlar, maqolalar, traktatlar, asarlar, filmlar, spektakllar, badiiy asarlar yaratilgan. Jumladan, o‘zbek adabiyotida yozuvchi Oybekning “Navoiy” romani, (bu roman bilan Oybek o‘zbek adabiyotida tarixiy shaxslar haqida badiiy asar yaratish an’anasiga asos soladi) Mirkarim Osimning turkum hikoyalari mashhur. Yevropada Navoiy asarlariga qiziqish katta. Bu borada ko‘plab sharqshunos olimlarning ishlari misol bo‘la oladi. Chunki, uning asarlari shunchaki badiiy xayolot mahsuli bo‘lib qolmasdan, sharq xalqlari tarixi va falsafasini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/403fEzE9-T4?si=cnF_BtMiUVb714ZE" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, U.To‘xtayev (video), O‘zA