Alina Kabayeva Pele va Taysonlar safida
O‘zbekistonda to‘g‘ilib, jahon badiiy gimnastikasida o‘ziga xos o‘rin egallagan Alina Kabayeva Italiyaning Milan shahrida o‘tgan “39-Sport Movies & TV 2021” ning maxsus sovrini bilan taqdirlandi.
Xalqaro sport kino va televideniye federatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan mazkur tanlovning bir qator nominatsilari orasida Alina Kabayevaga taqdim etilgan “Faxriy gulchambar” mukofoti sovrinlar orasida “Oskar”ning o‘xshashi, deya e’tirof etiladi.
2004 yilgi olimpiya o‘yinlari g‘olibasi Kabayeva ushbu mukofotga dunyo sporti targ‘ibotiga hamda madaniy qadriyatlar rivojiga qo‘shgan alohida xizmatlari uchun loyiq ko‘rilgan.
Aytish lozimki, mazkur “Faxriy gulchambar”ga Kabayevaga qadar futbol qiroli Pele, boks afsonasi Mayk Tayson, ukrainalik Sergey Bubka kabi jahon sportining yorqin vakillari sazovor bo‘lishgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA