Alimentning «zo‘ri» – millatning sho‘ri...
Avvalo, aliment (ta’minot) nima?
Yaxshi bilamizki, aliment (lotincha – alimentum– oziq-ovqat) – qonunda turmush o‘rtog‘idan birini ikkinchisiga to‘lashga majbur qiladigan, oziq-ovqat, parvarishlash uchun pul yoki natura shaklida, ota-ona-voyaga yetmagan bolaga, voyaga yetgan bola esa keksa, nochor ota-onaga va hokazolarga sud tartibida majburan pul to‘lash yoki o‘tkazish, bunda kelishuv bo‘lmagan taqdirda, sud tomonidan undiriladigan mablag‘dir.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga, asosiy qonunimizning 66-moddasida esa, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar.
Oila kodeksining 100, 109-moddalarida, ota-onaning voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishi belgilangan.
Lekin biz bugun so‘z yuritadigan mavzu bu kabi maqsad ko‘zlangan aliment haqida emas. Aynan alimentning «zo‘ri» haqida, ya’ni oxirgi paytlarda ko‘payib borayotgan – aslida muhtoj bo‘lmagan ota-onaning o‘z farzandlaridan aliment undirishi yoki muhtoj bo‘lmagan bolalarning esa o‘z ota-onalaridan aliment undirish to‘g‘risidagi nizolari, da’volari to‘g‘risida.
Sudlarga qilinayotgan bunday da’volarning ham ikki xil ko‘rinishi, ikki xil yuzi mavjud.
Birinchi ko‘rinish (yuz) - alimentga haqiqatda muhtoj ota-onalar, farzandlar tomonidan berilayotgan da’volar bo‘lsa, afsus va ming afsuski, ikkinchi ko‘rinish (yuz) - shunday da’volarki, bunda aliment undirish boshqa bir maqsadning vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Ayni shu ikkinchi ko‘rinish (yuz) - alimentning «zo‘ri» haqida fikrlashamiz.
Mabodo, bu kabi nizolarda taraflar kimlar deb so‘rasangiz. Bir taraf voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar (balki mehnatga layoqatli, yordamga muhtoj ham bo‘lmasligi mumkin). Ikkinchi taraf keksa va ta’minotga muhtoj ota-onalar (balki ta’minotga muhtoj ham bo‘lmasligi mumkin).
Nega qovis ichida «balki...» deb keltirdik, masalaning mohiyati ham aynan ana shundada. Negaki, da’volarning ikkinchi ko‘rinishi (yuzi)da maqsad boshqa bo‘ladi...
Da’vogar ota-ona (yoki ulardan biri) o‘zlari noqobil deb hisoblagan farzandiga aliment undirish orqali saboq berib qo‘yishni maqsad qiladi. Chunki aslida unga - da’vogarga ta’minot kerakmas, uni sharoiti yaxshi, hech kimning yordamiga muhtoj emas.
Da’vogar farzandda esa maqsad, o‘z ota-onasi (ulardan biri)ga o‘z noroziligini ko‘rsatish, o‘z prinsipini namoyon etish, shu orqali o‘z ota-onasidan alam olish, o‘z vaqtida ko‘rsatilmagan e’tibor uchun o‘ch olishdir. Ya’ni ushbu holatlardagi da’vo talablarini qo‘ygan har ikkisi ham aslida alimentga muhtoj emas.
Misol uchun: yaqinda shunday ota-ona sudga murojaat qildi. Da’vo talabi, to‘rtta farzandidan biri – noqobili, Yevropada o‘qib keldi. O‘sha yerda hamyurtimiz bo‘lgan bir qiz bilan topishgan. Shu qiz bilan yana Yevropaga ketmoqchi, ota-onaga e’tibor qilmaydi. Demak, ota-onaning aytgan qiziga emas, boshqasiga o‘ylanmoqchi. Uni bu yo‘ldan qaytarishning birdan-bir yo‘li esa, unga nisbatan aliment undirish haqida sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, o‘g‘lidan ta’minot undirish va uni shu qiz bilan birga chet elga chiqarmaslik...
Ona soppa-sog‘. Da’vo arizani imzolagan ota esa, bir ko‘rinishdan soppa-sog‘, qirchillama, yaxshigina davlat ishlarida ishlab nafaqaga chiqqan, ta’minoti yetarli, lekin qo‘lida 2-guruh nogironi degan ma’lumotnomasi bor. Shu asosda o‘g‘liga nisbatan aliment undirish haqida sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
(Oila kodeksining 109-moddasiga ko‘ra, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘z ota-onasiga ta’minot berishlari va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishlari shart).
Keyingi misolda ham aslida mehnat shartnomasi imzolamagan holda ishlab, daromad topadigan, bir so‘z bilan aytganda, ta’minotga ehtiyoji yo‘q, biroq aynan yuqoridagi kabi ma’lumotnomasi (nogironligi haqida) bor farzand o‘z otasiga nisbatan da’vo kiritib, otasining birinchi oilasiga e’tibor qilmaganligi, ikkinchi oilasidagi farzandlariga juda yaxshi sharoit yaratganligi, unga – da’vo qiluvchiga e’tibor
qaratmaganligi, o‘zining nogironligini asos qilib, otasining e’tiborini qaratish uchun, undan vaqtida farzandiga qaratmagan e’tibori uchun, otadan aliment-ta’minot undirish haqida sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
(Oila kodeksining 100-moddasiga muvofiq, ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishi shartdir. Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona o‘rtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi).
Albatta, ko‘rsatilgan misoldagi har ikki taraflar kabi har kimga bunday talablar bilan sudga murojaat qilish huquqi kafolatlangan. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi, Oila kodeksida bu huquq mustahkamlab qo‘yilgan. Har kim bu huquqdan emin-erkin foydalanishi mumkin. Ammo shu kabi «alimentlarning zo‘ri»da masala mohiyati, uning oqibati bunda emas.
Masala, birinchi misolda, otaning kiritgan da’vosini o‘z farzandiga qanday ta’sir etishi, farzandi kelajagiga qanday iz qoldirishini chuqur o‘ylab ko‘rmaganligida, o‘zining tor doiradagi fikrini ota sifatida men haqman, deb turib olganligi kabilarda...
Ikkinchi misolda esa, farzandlarimizning dunyoqarashi nega bunchalik o‘zgarib ketayotganligida, nega ular qarashlarida xudbinlik aks etayotganligida, ayrim farzandlarimizning ota-onalarga nisbatan hurmatni unutib qo‘yayotganligi va hokazolardadir.
Yana asosiy masala shundaki, astoydil o‘ylanmagan harakatimiz asosida, mehribon, mehmondo‘st, bolajon, ota-onasiga mehribon, bolasini podshoh, onasini qiblagoh, otasini buzrukvor biladigan, samimiy, mard, g‘ururli, iboli, donishmand xalq, ildizi uzoq-uzoqlarga borib yetgan, ming yillar davomida shakllangan millat qadriyatlarini asrab avaylashda, millat taqdiriga befarq bo‘lmaslikda, millat va xalq oldidagi o‘z burchimizni bir lahza ham unutib qo‘ymasligimizdadir.
Yana bir gap, agar ta’minotga haqiqatda muhtoj bo‘lmasak, boshqa bir choramiz qolmagan bo‘lsa, xalqimizga xos oila muqaddasligini farzand va ota-ona munosabatlarini, shu aziz millatga xoslikni saqlab qolish, shu xalq, shu millat oldidagi o‘z burchimizni boshqa maqsadlarga yoki boshdan oyoq g‘azab va alamga to‘lgan tor doiradagi fikrlar girdobida sudlarga qilinayotgan bunday da’volarga almashmaylik...
Balki o‘rnimasdiru, lekin xalqimizda «eksang o‘rasan», «qilma topasan», «buni qaytar dunyo», deydilar degan kabi hayot sinovlaridan o‘tgan chuqur ma’noli hikmatlar bor.
Xullas, agar oxirgi choramiz bo‘lmasa yoki shundan boshqa ta’minotimizning iloji qolmayotgan bo‘lmasa, «alimentlarning zo‘ri» kabi da’volarni kiritishni o‘ta katta va chuqur mushohada asosida o‘ylab ko‘raylik!
Xulosa o‘zingizdan!
Bu mavzu aslo haqiqatda ham aliment (ta’minot)ga muhtoj shaxslarga tegishli emas...
Nuriddin Murodov,
FIB Uchtepa tumanlararo
sudi raisining o‘rinbosari