Alimentchi otalar qarzini dollarda to‘ladi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2021 yil 10 sentyabrdagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor T.J.dan sobiq turmush o‘rtog‘i R.N.ning foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari moddiy ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan biri miqdorida aliment undirish belgilangan.
– Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi tomonidan mazkur ijro hujjati asosida amalga oshirilgan ijro harakatlari davomida qarzdor T.J. sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishgan holda farzandlarining 18 yoshga to‘lgunga qadar hisoblangan aliment pullari uchun 6 ming 500 AQSH dollari to‘lab berdi, – deydi MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi A.Sheraliyev. – Mablag‘ undiruvchiga tilxat asosida topshirilgach, mazkur ijro ishi yuritishdan tamomlandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Pastdarg‘om tuman sudining 2011 yil 1 noyabrdagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor R.O. ham sobiq turmush o‘rtog‘i R.A.ning foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan biri miqdorida aliment to‘lab kelayotgan edi. R.O. o‘z iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishgan holda farzandi 18 yoshga to‘lgunga qadar hisoblangan aliment uchun 5000 AQSH dollari to‘ladi va mazkur ijro ishi ham yuritishdan tamomlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA